Mirziyoyev saylovda ishtirok etgan barcha nomzodlarga minnatdorlik bildirdi

Jamiyat

image

9 iyulda bo‘lib o‘tgan saylovda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga yana 7 yilga saylangan Shavkat Mirziyoyev saylovda ishtirok etgan barcha nomzodlar, uni saylaganlar va saylovni tashkil etgan Markaziy saylov komissiyasiga minnatdorlik bildirdi. U bu haqda bugun, 11 iyul kuni bo‘lib o‘tayotgan Investitsiyalar jalb qilishni yanada kengaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar yuzasidan videoselektor yig‘ilishida so‘z ochdi. 

Prezident yangilangan Konstitutsiya asosida bo‘lib o‘tgan saylovlarda fuqarolar yuksak uyushqoqlik ko‘rsatib, o‘zining siyosiy madaniyati va faolligini namoyon qilgani va buni jahon hamjamiyati ham e’tirof etayotganini aytgan.  

“Biz barchamiz O‘zbekiston degan qadimiy, go‘zal va betakror yurt farzandlarimiz. Shu qutlug‘ zaminda yashayotgan 130 dan ortiq millat va elat vakillarining bugungi hayoti, taqdiri va kelajagi ham bir.

Barchamiz uchun Vatan va xalq manfaatlari muqaddas va eng ustuvor maqsaddir. Saylov jarayonida hammamiz uchun mushtarak bo‘lgan ana shunday ulug‘ g‘oyalarni yetakchi o‘ringa qo‘ygan barcha nomzodlarga o‘z tashakkurlarimni aytaman”, degan Prezident.

Davlat rahbari saylovda faol ishtirok etgan, o‘zining xohish-irodasi, yuksak siyosiy ongi va huquqiy madaniyatini yaqqol namoyon etgan, keng ko‘lamli demokratik islohotlarni qo‘llab-quvvatlab kelayotgan barcha vatandoshlariga samimiy hurmat-ehtiromini izhor etgan.

“Bor bilim va tajribamni, kuch-g‘ayratimni mehnatkash, mard va olijanob xalqimizning menga bildirgan yuksak ishonchini oqlash uchun safarbar etishga, bu yo‘lda, kerak bo‘lsa, jonimni ham fido qilishga tayyorman”, degan Prezident.

Saylovni yuqori saviyada tashkil etgani uchun Markaziy saylov komissiyasi, saylov okruglari va uchastkalariga, xorijdagi saylov uchastkalariga kelib, o‘zining siyosiy irodasini namoyon qilgan vatandoshlarga, Haj ziyorati davomida faol bo‘lib, saylovda ovoz bergan hojilarga, tinchlik va osoyishtalikni ta’minlagani uchun huquq-tartibot idoralari xodimlariga, shuningdek, saylov jarayonlarini xolisona baholab, haqqoniy yoritib borgan mahalliy va chet ellik kuzatuvchilar, ommaviy axborot vositalari vakillariga minnatdorlik bildirilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev prezidentlik saylovi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing