Mirziyoyev Samarqandda sun’iy intellekt bo‘yicha konferensiya o‘tkazishni taklif qildi
Jamiyat
−
08 Oktabr
6754O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlari ekspertlari va tahlilchilarining uchrashuvlarini muntazam o‘tkazish hamda navbatdagi konferensiyani Samarqand shahrida sun’iy intellektni rivojlantirish masalalariga bag‘ishlab o‘tkazishni taklif etdi. Bu haqda u bugun, 8 oktyabr kuni Moskvada Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisida so‘z ochdi.
Mirziyoyev o‘z nutqida Rossiyaning Hamdo‘stlikdagi raisligi davrida ko‘p tomonlama hamkorlik barcha yo‘nalishlarda rivojlanganini yuqori baholadi.
“MDH mamlakatlarining xavfsizligi va barqaror rivojlanishini ta’minlash bilan bog‘liq vaziyatga alohida e’tibor qaratildi. MDH mamlakatlari maxsus xizmatlari va vakolatli idoralarining tizimli hamkorligini yo‘lga qo‘yish, bugungi tahdidlarga qarshi kurashish usullarini takomillashtirish, kiberxavfsizlikni ta’minlash sohasida kelishilgan choralar hamda dasturiy hujjatlarni qabul qilish muhimligi ta’kidlandi”, deyiladi Prezident matbuot xizmati xabarida.
Shuningdek, hamkorlikning iqtisodiy yo‘nalishida birgalikdagi faoliyatni kuchaytirish ustuvor vazifa ekani qayd etildi. Bildirilishicha, O‘zbekistonning MDH mamlakatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi yil boshidan buyon 16 foizga oshgan. Muvaffaqiyatli sanoat kooperatsiyasiga ko‘plab misollar mavjud.
“MDH tarmoq kengashlari va qo‘mitalari faoliyatini faollashtirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Kelgusi yil bahorida Toshkent shahrida "Innoprom" xalqaro sanoat ko‘rgazmasi doirasida MDH Iqtisodiy kengashi yig‘ilishi va Innovatsion rivojlanish forumini o‘tkazish taklif etildi”, deyiladi xabarda.
Yaqinda bo‘lib o‘tgan MDH mamlakatlari yetakchi tahliliy markazlarining Toshkent konferensiyasi natijalarini hisobga olgan holda, uzoq muddatli sheriklikning yangi ustuvor yo‘nalishlarini qo‘llab-quvvatlash muhimligi ta’kidlandi.
Xususan, internet texnologiyalari va “katta ma’lumotlar” industriyasini rivojlantirish, raqamli yechimlarni jadal joriy etish, kreativ iqtisodiyot, yashil energetika va yadro texnologiyalari, iqlim muammolari va boshqalar shular jumlasidan.
Gumanitar almashinuvlarni kengaytirish maqsadida Hamdo‘stlik davlatlari madaniyati kunlarini o‘tkazish taklif qilindi. Shu bilan birga, sog‘liqni saqlash, ta’lim, san’at, kino, turizm va sport sohalarida qo‘shma tadbirlar dasturini har yili tayyorlash zarurligi ta’kidlandi.
Samarqand va Toshkentni tegishlicha Hamdo‘stlikning madaniy poytaxti va yoshlar poytaxti deb e’lon qilinishi doirasidagi loyihalar amalga oshirilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Bundan tashqari, O‘zbekistonda shaxmat va futbol bo‘yicha yoshlar jamoalari o‘rtasida MDH ochiq kubogi musobaqalari o‘tkaziladi. Yakunda O‘zbekiston Prezidenti Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmonni 2025 yilda tashkilotga raislikni qabul qilgani bilan tabrikladi.
Sammit yakunida MDH doirasidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha bir qator bitim va qarorlar qabul qilindi.
Ma’lumot uchun, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin raisligida o‘tgan sammitda Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev, Belarus Respublikasi rezidenti Aleksandr Lukashenko, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov va Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan, shuningdek, MDH bosh kotibi Sergey Lebedev qatnashdi. Kun tartibiga muvofiq, ko‘p qirrali munosabatlarning holati va rivojlanish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi, MDH doirasidagi amaliy hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Putin mazkur sammitda Mustaqil davlatlar hamdo‘stligining barcha davlatlari Xalqaro rus tili tashkilotini tashkil etish to‘g‘risidagi shartnomani tez orada ratifikatsiya qilishini kutayotganini aytgandi.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr