Mirziyoyev Ramazon hayiti arafasida 488 nafar mahkumni afv qildi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev muborak Ramazon hayitini nishonlash arafasida “Jazo muddatini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi. 

Farmonga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 109-moddasi 23-bandiga asosan jazo muddatini o‘tayotgan hamda qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan 488 nafar shaxs afv etildi.

Qayd etilishicha, afv etilgan shaxslarning 100 nafari asosiy jazodan to‘liq ozod etilgan, 268 nafari jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilingan, 34 nafarining ozodlikdan mahrum etish jazosi yengilroq jazo bilan almashtirilgan. Shuningdek, 86 nafar shaxslarga tayinlangan ozodlikdan mahrum etish jazosining muddatlari qisqartirilgan.

Afv etilganlarning 17 nafarini chet el fuqarolari, 37 nafarini ayol, 37 nafarini 60 yoshdan oshgan erkaklar, 167 nafarini yoshlar (shulardan, 1 nafari voyaga yetmagan) hamda 5 nafarini taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida qatnashgan shaxslar tashkil etadi.

“Farmon ijrosi yuzasidan afv etilgan shaxslarni oilasi va yaqinlari bag‘riga qaytarish, ijtimoiy hayotga moslashib, foydali mehnat bilan shug‘ullanishlari, sog‘lom turmush tarzini yo‘lga qo‘yib, jamiyatda munosib o‘rin topishlari uchun ularga ko‘mak berish bo‘yicha mas’ul vazirlik va idoralarga tegishli topshiriqlar berildi”, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mustaqillik kuni munosabati bilan 522 nafar mahkum afv etilgandi. Afv etilgan shaxslarning 159 nafari asosiy jazodan ozod etilgan, 303 nafari jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilingan, 60 nafarining ozodlikdan mahrum etish jazosi yengilroq jazo bilan almashtirilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev mahkum

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing