Mirziyoyev Rahmonga sim qoqdi
Jamiyat
−
05 Oktabr
4592O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Mirziyoyev Tojikiston yetakchisini tavallud kuni bilan qutlab, unga mustahkam sog‘lik va kelgusi faoliyatida muvaffaqiyatlar, birodar tojik xalqiga farovonlik va ravnaq tiladi.
Suhbat davomida Prezidentlar O‘zbekiston-Tojikiston munosabatlarini oliy darajadagi kelishuvlardan kelib chiqqan holda rivojlantirishning dolzarb masalalarini muhokama qildi.
Tovar ayirboshlash hajmini oshirish, sanoat, energetika, qishloq xo‘jaligi va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda kooperatsiya loyihalarini ilgari surish maqsadida yaqin idoralararo hamkorlik va faol almashinuvlarni davom ettirish muhimligi ta’kidlandi.
Bundan tashqari, davlat rahbarlari mintaqada yuzaga kelayotgan vaziyat yuzasidan ham fikr almashdi.
Ma’lumot uchun, Imomali Rahmon 1952 yil 5 oktyabrda Tojikistonning Xatlon viloyati Dang‘ara shahrida tug‘ilgan. Bugun 72 yoshni qarshilagan siyosatchi 1994 yildan buyon Tojikiston Prezidenti lavozimida ishlab kelmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Prezident Shavkat Mirziyoyev tojikistonlik mavqedoshiga tabrik maktubi ham yo‘llagandi. U o‘z maktubida Rahmonni Tojikistonning xalqaro maydondagi nufuzi va obro‘sini mustahkamlashga salmoqli hissa qo‘shgan buyuk davlat arbobi, tajribali siyosatchi sifatida bilishini yozgandi.
LiveBarchasi