Mirziyoyev Putin bilan gaplashdi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 17 avgust kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda O‘zbekiston rahbarining matbuot xizmati xabar berdi.

Muloqotda xalqaro va ikki tomonlama kun tartibining dolzarb jihatlari muhokama qilindi. Rossiya Prezidenti Mirziyoyevga 15 avgust kuni Ankorij shahrida o‘tgan Rossiya-AQSH sammitining asosiy natijalari to‘g‘risida ma’lumot berdi.

O‘zbekiston rahbari erishilgan kelishuvlarni qo‘llab-quvvatlab, Ukraina atrofidagi vaziyat tez fursatda tartibga solinishiga umid bildirdi.

Shuningdek, savdo-iqtisodiy hamkorlikning hozirgi sur’atini saqlab qolish hamda O‘zbekiston va Rossiya korxonalarining ustuvor kooperatsiya loyihalarini jadallashtirishga qaratilgan muvofiqlashtirilgan choralar ko‘rish masalalari ham ko‘rib chiqildi. Barcha darajalarda faol muloqot va almashinuvlarni davom ettirish muhimligi qayd etildi.

Ma’lumot uchun, 15 avgust kuni AQSHning Alyaska shtatida Tramp va Putinning uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv Toshkent vaqti bilan 16 avgust kuni soat 04:25 da yakunlandi. Alyaskada bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunida Tramp va Putin birgalikdagi matbuot anjumanida qatnashdi.

Matbuot anjumanidan oldin Putin va Tramp “uchga-uch” formatida taxminan 2 soat 45 daqiqa davom etgan muzokaralar o‘tkazdi. Tramp ko‘plab masalalar bo‘yicha kelishuvga erishilganini ta’kidladi, biroq Ukraina masalasida hali bitim yo‘qligini qayd etdi. Putin esa muzokaralarni foydali, deb atab, Rossiya Ukrainaga xavfsizlik bo‘yicha ishlashga tayyorligini bildirdi. Davlat rahbarlari jurnalistlarning savollariga javob bermadi. 

Eslatib o‘tamiz, 27 iyun kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin Minskdagi Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi sammiti doirasida uchrashuv o‘tkazgandi. Rossiya OAVlariga ko‘ra, o‘shanda ikki mamlakat rahbari Ukrainadagi vaziyatni ham muhokama qilgan. Bundan tashqari, 8 iyul kuni Mirziyoyev va Putin telefon orqali gaplashgandi.

Prezident Mirziyoyevdan oldin Kremlga qo‘ng‘iroq qilgan Qozog‘iston rahbari Qosim-Jomart To‘qayev Putinning Ankorijdagi uchrashuvini Ukraina bo‘yicha eng yuqori darajadagi muzokaralar jarayonining boshlanishi sifatida qo‘llab-quvvatlagandi. To‘qayevning fikricha, bu tarixiy sammit ikki mamlakat liderlarining siyosiy iroda va sof niyati tufayli bo‘lib o‘tgan. Ular zamonaviy dunyodagi muhim muammolar, jumladan Ukrainadagi urushni to‘xtatish masalasida kelishishga tayyor ekanini ko‘rsatgan. 


Maqola muallifi

Teglar

Putin Ukraina Mirziyoev telefon muloqoti

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing