Mirziyoyev Namanganda yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazdi

Jamiyat

image

Bugun, 3 fevral kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyati Davlatobod tumanida joylashgan “Yangi O‘zbekiston yoshlar ziyo maskani” kutubxonasini borib ko‘rdi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, bu majmua 2021 yil foydalanishga topshirilgan. Bugungi kunda kutubxona 70 mingta kitob fondiga ega. Kutubxona jahondagi yirik elektron kutubxonalar tarmog‘iga ulangan. 

Davlat rahbari shu yerda namanganlik yoshlar bilan muloqot qildi.

“Namangan buyuk allomalar, usta tadbirkorlar yurti. Bugun ham yoshlar iqtisodiyot, san’at, sport sohalarida katta yutuqlarga erishmoqda. Bularni eshitib, ko‘rib, xursand bo‘laman. Yoshlarimiz uchun yanada ko‘proq imkoniyatlar tashkil qilishni o‘ylayman”, deydi Prezident.

Ma’lum qilinishicha, viloyatda yigit-qizlar uchun ko‘p dasturlar amalga oshirilmoqda. O‘tgan yili uyushmagan yoshlar o‘rtasida tadbirkorlikni rivojlantirish uchun 140 milliard so‘m mablag‘ berilib, 6 mingdan ziyod yosh o‘z yo‘lini topgan.

Shuningdek, 2,5 ming gektar ekin maydonlarini ajratish natijasida 20 ming yoshlar bandligi ta’minlandi. Sharoiti og‘ir qariyb 5 ming yoshga kontrakt pullari to‘lab berilgan.

“Xabaringiz bor, bu yilni yurtimizda “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” deb e’lon qildik. Maktabda ikkita xorijiy til va bitta kasb o‘rganish talabini qo‘yyapmiz. Mana bunday ziyo maskanlari, sport majmualari qurilyapti. Bularning hammasi birlashib, hayot maktabiga aylanishi kerak”, deydi Mirziyoyev.

Shu bois, bitiruvchilarni ish bilan ta’minlash va kasb-hunarga o‘rgatishga qaratilgan “Hayot maktabi” dasturi amalga oshiriladi. Bu borada Namangan viloyati tajribasi yaratiladi.

Shu bilan Prezident Shavkat Mirziyoyev vodiy viloyatlariga uch kunlik safarini yakunlab, Toshkent shahriga qaytib keldi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing