Mirziyoyev Nyu-Yorkda Sharl Mishelni qabul qildi
Jamiyat
−
19 Sentabr 2023 3219 2 daqiqa
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Nyu-York shahriga tashrifi doirasida kecha, 18 sentyabr kuni o‘ziga ajratilgan qarorgohda Yevropa Kengashi prezidenti Sharl Mishelni qabul qildi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, uchrashuvda O‘zbekiston bilan Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni, eng avvalo, siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va gumanitar sohalarda yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqilgan.

Ikki tomonlama munosabatlarda bugun g‘oyat yuksak darajaga erishilgani alohida mamnuniyat bilan qayd etilgan.
“Yevrokengash rahbarining O‘zbekistonga tashrifi, “YeI – Markaziy Osiyo” formatidagi sammitlar, O‘zaro bog‘liqlik bo‘yicha xalqaro konferensiya va iqtisodiy forumlar muvaffaqiyatli o‘tkazilgan. Yil boshidan buyon O‘zbekistonning YeI mamlakatlari bilan tovar aylanmasi hajmi 35 foizga oshdi, Yevropaning yetakchi kompaniyalari bilan birgalikda yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda, muhim madaniy tadbirlar uyushtirilmoqda”, deyiladi xabarda.

Uchrashuv chog‘ida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni tez fursatda qabul qilish, o‘zaro savdo va investitsiyalarni ko‘paytirish uchun qulay sharoitlar yaratish, iqtisodiyotning asosiy tarmoqlarida kooperatsiyani, shu jumladan, uzoq muddatli ikki tomonlama hujjatlarni qabul qilish orqali chuqurlashtirish masalalari muhokama qilingan.

Yevrokengash prezidenti Sharl Mishel Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikni ilgari surish, ishonch, yaxshi qo‘shnichilik va sheriklik munosabatlarini mustahkamlashda O‘zbekiston rahbari yetakchi rol o‘ynayotganini qayd etib o‘tgan.

Uchrashuvda samarali xalqaro transport yo‘laklarini, xususan, Transkaspiy multimodal marshrutini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilib, Afg‘onistonda yuzaga kelayotgan vaziyat, shu jumladan, afg‘on xalqiga gumanitar yordam ko‘rsatish borasidagi sa’y-harakatlar yuzasidan ham fikr almashilgan.
Shuningdek, bo‘lajak ko‘p tomonlama tadbirlar rejasi ko‘rib chiqilgan.
Live
Barchasi