Mirziyoyev “Markaziy Osiyo – Italiya” sammitida ishtirok etdi (video)

Olam

image

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 30 may kuni Ostona shahrida “Markaziy Osiyo – Italiya” sammitida ishtirok etdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev raisligida o‘tkazilgan tadbirda Italiya Bosh vaziri Jorjiya Meloni, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon va Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov ham qatnashgan.

Uchrashuvda Markaziy Osiyo mamlakatlari va Italiya o‘rtasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqilgan. Xususan, investitsiya va texnologiyalar, “yashil” iqtisodiyot sohalarida sheriklikni rivojlantirish, ta’lim va madaniy dasturlarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratilgan.

Mirziyoyev o‘z nutqining avvalida ushbu tadbir joriy yil aprel oyida Samarqandda o‘tgan sammitda Markaziy Osiyo va Yevropa o‘rtasida erishilgan strategik sheriklik to‘g‘risidagi kelishuvlarning uzviy davomi ekanini ta’kidlagan.

Ushbu formatda, avvalo, mamlakatlarning texnologik, sanoat va intellektual salohiyatini inobatga olgan holda samarali amaliy hamkorlikni rivojlantirishga intilish borligi qayd etilgan.

 

Kun tartibidagi masalalarga o‘tar ekan, O‘zbekiston rahbari “Markaziy Osiyo – Italiya” formatidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha o‘z qarashlarini bayon etgan.

Avvalo, qator dolzarb xalqaro masalalar yuzasidan yondashuvlarni muvofiqlashtirish uchun tashqi ishlar vazirliklari darajasida muntazam muloqotlarni davom ettirish muhimligi ta’kidlangan. Shuningdek, terrorizm, ekstremizm, radikalizm, giyohvand moddalar savdosi va noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashda ko‘p tomonlama sheriklik va maxsus xizmatlarning axborot almashish mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish taklif etilgan.

Iqtisodiy sohada davlat rahbari so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Italiya o‘rtasidagi tovar ayirboshlash va investitsiyalar hajmi uch barobar oshganini mamnuniyat bilan qayd etgan.

Italiya ishbilarmon doiralarining innovatsion rivojlanish borasida an’anaviy kuchli mavqeini hisobga olib, mamlakatlarimiz savdo-sanoat palatalari shafeligida biznes muloqoti uchun doimiy maydon – “Markaziy Osiyo – Italiya” ishbilarmonlar klubini tashkil etish taklif qilingan. Tadbirkorlar ishtirokidagi bunday uchrashuvlar har yili mintaqa mamlakatlari va Italiya poytaxtlarida o‘tkaziladi.

Mavjud muvaffaqiyatli tajribani hisobga olib, mineral resurslar va qishloq xo‘jaligi xomashyosini chuqur qayta ishlash; elektrotexnika, kimyo, to‘qimachilik, charm, oziq-ovqat va boshqa qayta ishlash tarmoqlari uchun zamonaviy uskunalar ishlab chiqarish; butlovchi qismlar va sanoat mahsulotlarini mahalliylashtirish; Italiyaning yetakchi brendlari ishtirokida dizayn markazlarini tashkil etish hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari bo‘lishi mumkinligi qayd etilgan.

Davlat rahbari Toshkent viloyatida mintaqaviy ahamiyatga ega loyihalarni amalga oshirish uchun Yevropa operatori boshqaruvida maxsus industrial park tashkil etilayotganini ma’lum qilgan.

Shu bilan birga, Italiyaning SACYe va SIMEST davlat agentliklari hamda qo‘shma investitsiya fondlarini hamkorlik loyihalarini qo‘llab-quvvatlashga jalb qilish muhimligi ta’kidlangan.

“Yashil” transformatsiya sohasida Italiya bilan samarali hamkorlikni yuqori baholab, O‘zbekiston yetakchisi uglerod chiqindilarini kamaytirish bo‘yicha milliy dasturlarni amalga oshirishga ko‘maklashadigan ko‘p tomonlama platformani yo‘lga qo‘yish orqali keng qamrovli sheriklikni rivojlantirishga chaqirgan.

Qayta tiklanuvchi energetika sohasidagi loyihalarni, jumladan, Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga «yashil» energiya yetkazib berish, Italiyaning yetakchi ishlab chiqaruvchilari va muhandislik kompaniyalarini jalb etgan holda korxonalarni auditdan o‘tkazish va energiya samaradorligini oshirish, suv infratuzilmasi ob’ektlarini modernizatsiya qilish va vodorod texnologiyalarini rivojlantirish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirishga tayyorlik bildirilgan.

Toshkentdagi Turin politexnika va Piza universitetlari filiallari samarali faoliyat yuritayotganini ta’kidlar ekan, davlat rahbari Italiyaning boshqa yetakchi oliy o‘quv yurtlarining mintaqaga qiziqishi ortib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etgan.
O‘zbekiston Prezidenti muhandislik, dizayn, suv tejamkorligi va biotexnologiyalar kabi yo‘nalishlarda ilmiy ishlanmalar, akademik almashinuv va kadrlar tayyorlash dasturlarini amalga oshirish va moliyalashtirish uchun “Markaziy Osiyo – Italiya” ilmiy-ta’lim konsorsiumini tashkil etish tashabbusini ilgari surgan.

Yetakchi turoperatorlar o‘rtasida sheriklik aloqalarini o‘rnatish va qo‘shma sayyohlik mahsulotlarini yaratish maqsadida turizm alyansini tashkil etishdan manfaatdorlik bildirilgan.

Italiya jamoatchiligi Rim va Florensiyada o‘tkazilgan ko‘rgazma va madaniy tadbirlarga katta qiziqish bildirgani mamnuniyat bilan qayd etilgan.

Shu munosabat bilan kelgusi yili Xiva shahrida mintaqa mamlakatlari va Italiya yoshlarining kreativ iqtisodiyot va madaniy almashinuv forumini o‘tkazish taklif qilingan.

Sammitda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari va Italiya Bosh vaziri ham nutq so‘zlagan. Tadbir yakunida Qo‘shma bayonot qabul qilingan.

Eslatib o‘tamiz, Jorjiya Meloni 28 may kuni rasmiy tashrif bilan Samarqandga kelgandi. Samarqand xalqaro aeroportida Bosh vazirni shaxsan Prezident Mirziyoyev kutib olgan. Shundan so‘ng yetakchilar Registon maydoni va “Silk Road Samarkand” xalqaro turizm markazidagi “Boqiy shahar” tarixiy-etnografik bog‘ida bo‘ldi. Qolaversa, Samarqand shahrida kecha, 29 may kuni Jorjiya Melonini rasmiy kutib olish marosimi ham bo‘lib o‘tdi va Meloni Samarqand shahridagi Kongress markazida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuv ham o‘tkazdi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Jorjiya Meloni Markaziy Osiyo – Italiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing