Mirziyoyev Malayziyaga yetib bordi
Jamiyat
−
04 fevral 2025 4363 1 daqiqa
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohimning taklifiga binoan bugun, 4 fevral kuni kechqurun rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatga yetib bordi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Kuala-Lumpur xalqaro aeroportida davlat rahbarini Malayziya parlamenti Vakillar palatasi spikeri Johari bin Abdul, Ta’lim vaziri Zambri Abdulqodir va boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi. O‘zbekiston yetakchisining tashrifi sharafiga faxriy qorovul saf tortdi, ikki mamlakat davlat bayroqlari ko‘tarildi.

Prezident aeroportda Malayziya parlamenti spikeri bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bo‘lajak oliy darajadagi uchrashuvlar kun tartibi yuzasidan fikr almashildi.
Parlamentlar doirasida faol hamkorlik va almashinuvlarni davom ettirish, o‘zaro tashriflar va do‘stlik guruhlari tadbirlarini tashkil etish, qonun ijodkorligi masalalarida amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, muhim investitsiyaviy, infratuzilmaviy, ijtimoiy va madaniy-gumanitar dasturlarni amalga oshirishga ko‘maklashish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Tashrif dasturining asosiy tadbirlari ertaga, 5 fevral kuni bo‘lib o‘tadi.
O‘zbekiston Prezidenti va Malayziya Bosh vaziri oliy darajada muzokaralar o‘tkazadi hamda O‘zbekiston-Malayziya biznes forumida ishtirok etadi. Sammit yakunida qator hukumatlararo va idoralararo hujjatlar imzolanishi ko‘zda tutilgan.
Live
Barchasi