Mirziyoyev Madinani ziyorat qilib yurgan o‘zbekistonliklar bilan suhbatlashdi
Jamiyat
−
17 avgust 2022
15120Avvalroq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev musulmonlarning muqaddas ziyoratgohlaridan biri – Masjidun Nabaviyni ziyorat qilgani haqida xabar bergan edik.
Prezident Matbuot xizmatining xabar berishicha, Shavkat Mirziyoyev Muhammad (s.a.v.)ning siyratlari va islom sivilizatsiyasi muzeyi bilan ham tanishgan.
Prezident muzeyni ko‘zdan kechirish asnosida saudiyalik olimlar bilan Islom dini tarixi, o‘zbek va arab xalqlarini bog‘lovchi rishtalar haqida fikr almashgan.
Doktor shayx Nosir Zahroniy muzeydagi ma’lumotlar buyuk shaxslar – Imom Buxoriy va Imom Termiziy asarlaridan olinganini aytgan. Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda bu ulug‘ allomalar nomi bilan ilmiy markazlar tashkil qilingani, islom madaniyati obidalari asrab-avaylanayotganini ta’kidlab, olimlarni mamlakatga taklif qilgan.
Davlat rahbari Madinani ziyorat qilib yurgan o‘zbekistonliklar bilan ham suhbatlashgan. Shundan so‘ng, Jidda shahriga jo‘nab ketgan.
Ma’lumot uchun, Madina islom tarixidagi eng muhim shaharlardan biri. Payg‘ambar Muhammad (s.a.v.) 622 yilda bu yerga ko‘chib kelgan. Qur’oni karimning eng katta suralari shu yerda nozil bo‘lgan.
Masjidun Nabaviy payg‘ambarning uyi atrofida qurilgan ulkan masjiddir. Bu yerda Rasulullohning hamda buyuk sahobalar – Abu Bakr Siddiq va Umar ibn Xattobning qabrlari bor. Yuksak hurmat yuzasidan bu joy “Hujrai saodat” deb ataladi.
LiveBarchasi