Mirziyoyev kuz-qish mavsumidan tashvishda

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatda kutilayotgan kuz-qish mavsumidan tashvishda. Bu haqda Prezident kecha, 5 sentyabr kuni iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha ob’ektlarini kuz-qish davrida barqaror ishlashga kompleks tayyorlash bo‘yicha o‘tgan yig‘ilishda ma’lum qildi. 

“Kuz va qishga tayyorgarlik, aholimizga gaz va elektr energiyasi, ko‘mir, suyultirilgan gazni yetkazib berish nuqtai nazaridan o‘tgan yilgi kamchiliklarimizdan hisobot keltirib, bu yil biz nimalarga e’tibor berishimiz kerak, qanday choralar ko‘rishimiz kerak? Juda katta kamchiliklarimiz bor va bu kamchiliklar meni tashvishga solyapti”, deydi davlat rahbari. 

Kuz-qish mavsumida aholi va iqtisodiyot tarmoqlari ehtiyojini qoplash hamda eksportni ta’minlash, buning uchun tabiiy gaz qazib olishni ko‘paytirish dasturini samarali bajarish zarurligi ta’kidlandi. Vazirlar Mahkamasi, Energetika vazirligiga iste’molchilar ehtiyojini qondirish imkoniyatlarini to‘liq safarbar etish yuzasidan topshiriq berildi.

“O‘ztransgaz”, “Hududgazta’minot” aksiyadorlik jamiyatlariga 1 noyabrgacha 93 kilometr gaz tarmog‘i va 172 ta gaz taqsimlash punktini rekonstruksiya qilish hamda kapital ta’mirlash, yerosti omborlaarida gaz zaxirasini shakllantirish vazifasi qo‘yildi. “Muborakneftgaz” va “Gazlineftgazqazibchiqarish” korxonalarida yangi kompressor stansiyalarini ishga tushirish muhimligi qayd etildi.

Kuz-qish mavsumida aholi ehtiyoji uchun 245 ming tonna suyultirilgan gaz yetkazib berish ko‘zda tutilgan. Yig‘ilishda davlat rahbari har bir hudud kesimida aholi ehtiyojini chuqur o‘rganib, zarurat bo‘lsa, qo‘shimcha suyultirilgan gaz yetkazib berish kerakligini ta’kidladi.

Muborak gazni qayta ishlash zavodi, “Gazlineftgazqazibchiqarish” va “Sho‘rtanneftgaz” korxonalarida propan-butan aralashmasi olish uskunalarini ishga tushirish hamda mavjudlarini modernizatsiya qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. 

Shuningdek, joriy yilgi mavsumda elektr energiyasiga talab o‘tgan yilgiga nisbatan 11,5 foizga oshishi kutilmoqda. 

Shu bois Energetika vazirligiga oktyabr oyida issiqlik elektr stansiyalarida 7 ta energoblok, 7 ta qozon agregati, bitta gaz turbinasi va bitta bug‘-gaz qurilmasini kapital ta’mirlash bo‘yicha topshiriqlar berildi. 

Joriy yil yakunigacha Navoiy issiqlik elektr stansiyasida quvvati 450 MVt bo‘lgan ikkinchi bug‘-gaz qurilmasini foydalanishga topshirish, To‘raqo‘rg‘on issiqlik elektr stansiyasida quvvati 450 MVt bo‘lgan birinchi bug‘-gaz qurilmasini to‘liq loyiha quvvatiga olib chiqish hamda ikkinchi bug‘-gaz qurilmasini ishga tushirish zarurligi qayd etildi. Dekabrgacha 3,5 ming kilometr elektr tarmog‘ini hamda 1 ming 171 ta transformator punktini rekonstruksiya va modernizatsiya qilish choralari ko‘rsatib o‘tildi.

Energetika va moliya vazirliklari, “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatiga kuz-qish mavsumida aholining ko‘mirga bo‘lgan talabini to‘liq qondirish bo‘yicha topshiriqlar berildi. Tashishda imtiyozlarni qo‘llagan holda, ko‘mirni aholiga yetkazib berish narxlari yuqori bo‘lmasligiga alohida e’tibor qaratish zarurligi ta’kidlandi.

“Odamlarning juda katta talabi bor va iqtisodiy tarmoqlarimizni, o‘rta va kichik biznes, tadbirkorlik faoliyatimizni qishda qishda elektr energiyasi, gaz bilan ta’minlash bo‘yicha hozirdan shartnomani tuzishimiz kerak. Kafolatlangan bo‘lishi kerak. Qishga juda oz vaqt qoldi. Tizim bor, ko‘mirni olib kelib, xalqimizga yaxshisini olib borib berib, pulini arzon qilib, kunbay emas, soatbay tizimga o‘xshab, ijtimoiy ob’ektlarimizni, iqtisod tarmoqlarimizni joy-joyiga qo‘yadigan qilishimiz kerak”, deydi Mirziyoyev. 


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Kuz-qish mavsumi

Baholaganlar

30

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing