Mirziyoyev kuchli shamoldan zarar ko‘rgan Olot tumaniga bordi
Jamiyat
−
21 yanvar 2021
10200Avvalroq Shavkat Mirziyoyevning Buxoro viloyatiga jo‘nab ketgani haqida xabar bergan edik. Prezident Buxoro viloyatiga kelib, vertolyotda Olot tumaniga yo‘l oldi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, bu – hududlar iqtisodiyotini rivojlantirishga qaratilgan joriy yilgi birinchi tashrif. Va u mazkur chekka tumandan boshlanayotgani bejiz emas.
2020 yil 27 aprel kuni Buxoro viloyatiga janubdan kuchli shamol kirib kelgan edi. Uy-joylar, infratuzilma va ekinlarga katta zarar yetkazgandi.
Davlat rahbari zudlik bilan u yerga yetib borib, tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf qilish, turar joylar va ijtimoiy ob’ektlarni ta’mirlash bo‘yicha topshiriqlar bergan edi. Qisqa muddatda zarur ishlar bajarilib, hayot o‘z maromiga qaytdi.
Bu galgi safar chog‘ida Prezident vertolyotda ushbu ishlar qamrovini ko‘zdan kechirgan.
Xususan, Olot, Qorako‘l, Jondor, Romitan, Peshku va Shofirkon tumanlarida 45 mingta uy, 204 ta ko‘p qavatli turar joy ta’mirlangan. Mingdan ortiq ijtimoiy soha va tadbirkorlik ob’ektlari, yo‘llar, elektr, gaz va aloqa tarmoqlari tiklangan.
Ayni paytda Shavkat Mirziyoyev shu yerlik aholi bilan muloqot qilmoqda.
LiveBarchasi