Mirziyoyev koronavirusni yengishda Yaponiya tajribasini o‘rnak qilib ko‘rsatdi
Jamiyat
−
03 aprel 2020
9774O‘zbekistonda koronavirus aniqlangan ilk kundan bugunga qadar jiddiy choralar, cheklovlar qo‘llanilishiga qaramasdan, ayrimlar hamon bu kasallik beparvolarcha munosabatda bo‘lmoqda. Hatto, shunday tahlikali davrda marosimlar o‘tkayotganlar ham uchrab turibdi. Bugun, 3 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan videoselektor yig‘ilishida ushbu masala qattiq tanqid qilindi.
“Shu bilan birga, qancha ogohlantirish va tushuntirish ishlariga qaramay, joylarda karantin qoidalari buzilayotganini afsus bilan aytish kerak.
Hozirgacha 22 mingdan ziyod ana shunday holat aniqlandi, 330 kishi karantin hududini tashlab ketgan. Karantin vaqtida ayrim mas’uliyatsiz shaxslar 24 ta turli ommaviy marosimlar o‘tkazganini sira oqlab bo‘lmaydi. Butun xalqimiz hayotiga xavf solayotgan bunday noma’qul ishlarga nisbatan keskin choralar ko‘riladi”, deydi davlat rahbari.
O‘zbekiston rahbarining qayd etishicha, mamlakatda koronavirusning keng tarqalib, avj olishiga qarshi keskin choralar ko‘rilmoqda va davlatning uni jilovlay olishga qudrati yetarli. Prezident bu haqda shunday deydi:
“Ishontirib aytamanki, koronavirus tarqab ketmasligi uchun davlat barcha choralarni ko‘radi. Ammo shu sinovli damlarda har bir o‘zbekistonlik, har bir idora, jamoatchilik vakillari bir musht bo‘lib harakat qilishimiz kerak. Kasallikni mahallamizga, uyimizga, oilamizga olib kirmaslik uchun eng avvalo o‘zimiz mas’ulmiz”.
Davlat rahbari so‘zini davom ettirarkan, kunchiqar mamlakat – Yaponiya tajribasini misol qilib keltirdi va yapon xalqiga singib ketgan odob-axloq me’yorlari o‘zbek xalqiga ham yot emasligini ta’kidladi.
“Ayrim davlatlarda yuqori gigiyenaga asoslangan kundalik turmush tarzi, milliy urf-odatlar bu kasallikni yengishda juda muhim omil bo‘lmoqda.
Jumladan, aholisi zich, qo‘shnilari bilan savdo aloqalari o‘ta rivojlangan bo‘lishiga qaramasdan, Yaponiya virusning keng tarqalashiga yo‘l qo‘ymadi.
Mutaxassislar “yapon fenomeni”ni ulardagi o‘ziga xos salomlashish, shaxsiy masofani saqlash, tez-tez kiyim almashtirish, yuz-qo‘lni yuvish, to‘la yuvinish, to‘g‘ri ovqatlanish, faol turmush tarzi va sport kabi 13 ta qoida va urf-odatlar saqlanib qolgani bilan asoslamoqdalar.
Bu esa bizda ham azal-azaldan mavjud – qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib salomlashish, uyga mehmon kelganda qo‘lga suv quyish, jamoat joylarida masofani ushlash, meva-sabzavotlarni ko‘p iste’mol qilish kabi urflarimizni yanada mustahkamlashni taqozo etadi.
Shuningdek, jamoat joylarida, mahalla va xonadonlarda dezinfeksiya ishlarini muntazam davom ettirish lozim. Barcha korxona va tashkilotlar har haftada o‘z xodimlarini tizimli ravishda tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib turishi zarur”, deydi Shavkat Mirziyoyev.
LiveBarchasi