Mirziyoyev Kisida bilan qo‘ng‘iroqlashdi
Jamiyat
−
09 avgust
3452Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 9 avgust kuni Yaponiya Bosh vaziri Fumio Kisida bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Mirziyoyev Yaponiyaning janubi-sharqida kuchli zilzila ro‘y bergani va sunami kutilayotganidan xavotir bildirdi.
O‘zbekiston Yaponiyaning “Markaziy Osiyo + Yaponiya” birinchi sammitini o‘tkazish va Bosh vazir Kisidaning joriy yil 10-11 avgust kunlariga rejalashtirilgan O‘zbekistonga rasmiy tashrifi muddatlarini ko‘chirish to‘g‘risidagi qarorini to‘liq tushunishi ta’kidlandi.
Shuningdek, tayyorgarlik tadbirlarini davom ettirish va tashrifni tashkil etishning yangi muddatlarini diplomatik kanallar orqali kelishishga ahdlashib olingan.
Bundan tashqari, Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev ham Yaponiya Bosh vaziri Fumio Kisida bilan telefon orqali muloqot qilgan. Kisida To‘qayevga Qozog‘istonga rasmiy tashrifini, jumladan “Markaziy Osiyo+Yaponiya” muloqotining birinchi sammitida ishtirok etishni o‘zgartirishga majbur bo‘lganini aytgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yaponiya Bosh vaziri Fumio Kisida O‘zbekistonga kelishi kutilayotgani haqida xabar berilgandi. Unga ko‘ra, Kisida 9-12 avgust kunlari O‘zbekistondan tashqari Qozog‘iston va Mo‘g‘ulistonga tashrif buyurishi ham rejalashtirilgandi. Biroq Fumio Kisida Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘ylab safarini to‘xtatishga qaror qildi. Tashrifni bekor qilishiga Yaponiya orollari hududida kuchli zilzila xavfi sabab bo‘lgan. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Mariya Zaxarova esa Yaponiya Bosh vaziri Fumio Kisidani Markaziy Osiyo mamlakatlari hamda Rossiya o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarga putur yetkazishga urinishda aybladi.
LiveBarchasi