Mirziyoyev xorijiy investorlarga o‘zi va Hukumat kafil bo‘lishini aytdi
Biznes
−
24 mart 2022
8148Xorijdan O‘zbekistonga bor-budini ko‘tarib, ish boshlayman, biznes tashkil etaman deb kelayotgan investorga nima kerak? Albatta, ishonch, kafolat va va’daga sodiqlik. Bunda esa qars ikki yo‘ldan chiqadi. Bugun, 24 mart kuni ochilgan Toshkent xalqaro investitsiya forumida Prezident Shavkat Mirziyoyev 56 davlatdan kelgan 1,5 mingdan ortiq, aksariyati tadbirkor bo‘lgan yuqori martabali mehmonlarga yuzlanib, ularning O‘zbekistondagi faoliyati O‘zbekiston Prezidenti va Hukumati tomonidan kafolatlanishini aytdi.
Davlat rahbari hozirgi zamon butun jahon iqtisodiyoti raqamlashtirish jarayoniga o‘tayotgan, “yashil” texnologiyalar va innovatsion taraqqiyot har qanday soha va biznes rivoji uchun ustuvor ahamiyat kasb etayotgan bir davr ekanligini ta’kidladi.
"Biznes va tadbirkorlik, xalqaro iqtisodiy aloqalar uchun beqiyos imkoniyatlar ochilayotgan mana shunday sharoitda sizlarni qadimiy sivilizatsiya va madaniyat maskani bo‘lgan, bugungi kunda yangilanish va islohotlar yo‘lidan dadil borayotgan Yangi O‘zbekiston bilan amaliy hamkorlik o‘rnatishga taklif qilaman.
Sizlarning mamlakatimizdagi muvaffaqiyatingizni ta’minlash O‘zbekiston Prezidenti va Hukumati tomonidan kafolatlanadi", dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezident anjumanning barcha ishtirokchilariga forum natijalari bo‘yicha muhim va samarali kelishuvlarga erishishni, kelgusi ishlarida esa yangi yutuq va zafarlar yor bo‘lishini tiladi.
Ayni paytda yalpi sessiyada fikr almashish va muhokamalar davom etmoqda.
LiveBarchasi