Mirziyoyev xitoylik biznesmen bilan uchrashdi
Jamiyat
−
17 Oktabr 2023
7772Bugun, 17 oktyabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Pekin shahriga amaliy tashrif doirasida o‘ziga ajratilgan qarorgohda “Amer International” industrial-sanoat xoldingi raisi Van Veninni qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Bildirilishicha, “Amer International” kompaniyasi O‘zbekistonga Markaziy Osiyo mintaqasidagi biznesining bosh yo‘nalishi sifatida qaramoqda.
Xitoyning yetakchi konglomeratlaridan biri bo‘lgan “Amer International” yuksak texnologiyalar, elektronika, yarimo‘tkazgichlar sanoati, konchilik va qayta ishlash tarmoqlaridagi loyihalar bilan shug‘ullanadi. Kompaniya “Fortune 500” global reytingiga kirgan. Xitoyda va uning tashqarisida umumiy qiymati 60 milliard dollardan ziyod bo‘lgan loyihalarni amalga oshirmoqda.
Shavkat Mirziyoyev kompaniya raisi Van Venin bilan misni chuqur qayta ishlash va undan yuqori qo‘shilgan qiymatli innovatsion va xaridorgir mahsulotlar, shu jumladan elektrotexnika, elektromobillar uchun akkumulyator batareyalari, mikroelektronika va yarimo‘tkazgichlar ishlab chiqarish bo‘yicha istiqbolli loyihalar muhokama qilgan.
“Amer International” kompaniyasi raisi Xorijiy investorlar kengashi faoliyatida ishtirok etishi, O‘zbekistonda mintaqaviy ofis ochish hamda qo‘shma innovatsion loyihalarni tezlashtirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni qabul qilish yuzasidan kelishuvga erishilgan.
LiveBarchasi