Mirziyoyev Xitoyga jo‘nab ketdi

Jamiyat

image

Prezident Shavkat Mirziyoyev Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning taklifiga binoan bugun, 30 avgust kuni rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatga jo‘nab ketdi. Bu haqda O‘zbekiston rahbarining matbuot xizmati xabar berdi.

Tashrif dasturiga muvofiq, davlat rahbari 31 avgust - 1 sentyabr kunlari Tyanszin shahrida Shanxay Hamkorlik Tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisi va “SHHT plyus” formatidagi uchrashuvda ishtirok etadi.

SHHT doirasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni ustuvor yo‘nalishlarda yanada rivojlantirish va tashkilot faoliyatini takomillashtirishning dolzarb masalalari muhokama qilinadi. Shuningdek, Tyanszin deklaratsiyasi, qo‘shma hujjat va qarorlar qabul qilinishi rejalashtirilgan.

2 sentyabr kuni Pekin shahrida Mirziyoyev Xitoy rahbari Si Szinpin bilan muzokaralar o‘tkazadi, shuningdek, Xitoy rasmiy shaxslari va yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazadi. O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqiladi.

O‘zbekiston Prezidenti 3 sentyabr kuni Ikkinchi jahon urushidagi G‘alabaning 80 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbirlarda ham ishtirok etadi. Prezident Mirziyoyev Xitoyda  Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan ham uchrashadi. Buni Rossiya rahbarining yordamchisi Yuriy Ushakov ma’lum qilgandi

Xitoyning rasmiy axborot agentligi “Sinxua”ga ko‘ra, Pekinda o‘tadigan tantanalarda 26 mamlakat yetakchisi va hukumat rahbarlari ishtirok etadi.

Xitoyga birinchilar qatorida tashrif buyurishi rejalashtirilgan xorijiy davlat rahbarlaridan biri Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In sanaladi. 

Pekindagi bayramlarda, shuningdek, Kambodja, Vetnam, Laos, Indoneziya, Malayziya, Mo‘g‘uliston, Pokiston, Nepal, Maldiv orollari, Qozog‘iston, O‘zbekiston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Belarus, Ozarbayjon, Armaniston, Eron, Kongo Respublikasi, Zimbabve, Serbiya, Slovakiya, Kuba va Myanma davlat hamda hukumat rahbarlari ishtirok etadi.

Ma’lumot uchun, Xitoy xalqining yapon agressiyasiga qarshi qarshilik ko‘rsatish urushi, ikkinchi Xitoy-yapon urushi deb ham ataladi, 1931 yilda Yaponiyaning Manchuriyaga bostirib kirishi bilan boshlandi va 1937 yilda keng ko‘lamli urushga aylanib, 1945 yilda Yaponiyaning taslim bo‘lishi va Ikkinchi jahon urushining tugashi bilan yakunlandi. Xitoy fashizm ustidan g‘alaba qozonishda, Yaponiya qo‘shinlarini uzoq yillar davomida ushlab turishda va xalqaro antifashistik frontni shakllantirishda muhim rol o‘ynagani aytiladi. 


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Xitoy Si Tszin'pin

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing