Mirziyoyev Xalqaro dzyudo federatsiyasi rahbarini mukofotladi
Sport
−
27 fevral 3365 2 daqiqa
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 27 fevral kuni Xalqaro dzyudo federatsiyasi rahbari Marius Vizerga davlatimizning yuksak mukofoti – "Do‘stlik" ordenini topshirdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Bildirilishicha, O‘zbekiston Prezidenti milliy dzyudo maktabini rivojlantirishga qo‘shgan katta shaxsiy hissasi uchun Xalqaro dzyudo federatsiyasi rahbari Marius Vizerga davlatimizning yuksak mukofoti – "Do‘stlik" ordenini topshirgan.
Qayd etish joiz, Marius Vizer nufuzli "Katta dubulg‘a" xalqaro turniri doirasida O‘zbekistonda bo‘lib turibdi. Xalqaro dzyudo federatsiyasi bilan O‘zbekistonda dzyudo maktabini rivojlantirish va ushbu yakkakurash turini ommalashtirish borasidagi samarali hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqilgan.
“Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston xalqaro federatsiya faoliyatida faol ishtirok etmoqda. 2022 yilda mamlakatimizda kattalar o‘rtasida jahon chempionati, o‘tgan yili harbiy xizmatchilar o‘rtasida jahon birinchiligi muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Parij shahrida bo‘lib o‘tgan yozgi Olimpiya o‘yinlarida Diyora Keldiyorova O‘zbekiston tarixida ilk bor dzyudo bo‘yicha oltin medalni qo‘lga kiritdi”, deyiladi xabarda.

Federatsiya rahbari Marius Vizer O‘zbekistonda sog‘lom turmush tarzini ommalashtirish va sportning barcha turlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, yoshlar, ayniqsa, qizlarni keng jalb etish, zamonaviy sport infratuzilmasini yaratish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni yuqori baholagan.

Uchrashuvda sportchilar, murabbiylar va hakamlarni tayyorlashda federatsiyaning texnik ko‘magi va ekspert yordamini kengaytirish, iqtidorlarni saralashning samarali mexanizmini joriy qilish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.
Bundan tashqari, O‘zbekiston hududlarida dzyudo bo‘yicha xalqaro musobaqalarni muntazam o‘tkazib borish taklifi bildirilgan.
Live
Barchasi