Mirziyoyev Kegeylida 6 ta yangi korxonani ishga tushirdi (foto+video)

Jamiyat

image

Bugun, 30 mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida Kegeyli tumanida Qoraqalpog‘iston Respublikasini iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish masalalari muhokamasi bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazildi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, tadbir avvalida 6 ta yangi korxonani ishga tushirish marosimi bo‘lib o‘tgan. Ushbu yangi korxonalar vakillari videoaloqa orqali majmualar salohiyati haqida axborot bergan. Bu korxonalarda jami 1 ming 100 ta doimiy ish o‘rni yaratilgan, ular orqali ishlab chiqarishga 300 milliard so‘m, eksportga 20 million dollar qo‘shiladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev ramziy tugmani bosib, yangi korxonalarni ishga tushirgan.

Ma’lum qilinishicha, so‘nggi olti yilda hududda 15 trillion so‘m investitsiya hisobiga 5 ming 300 dan ziyod loyiha amalga oshirilgan. Tadbirkorlar soni 2 baravar ko‘payib, 46 mingta doimiy ish o‘rni yaratilgan. Ilgari sanoati eng past bo‘lgan 6 ta tumanda ishlab chiqarish 2-3 baravar oshib, Qoraqalpog‘istondagi ulushi 12 foizga yetgan.

Umuman, bu davrda Qoraqalpog‘istonda sanoat 1,3 baravar o‘sib, 61 turdagi yangi mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan. Ayniqsa, kimyo, qurilish materiallari, oziq-ovqat, tekstil va to‘qimachilik, farmatsevtika sanoati mahsulotlari tayyorlash 2 baravardan ziyod o‘sgan.

O‘tgan yil 31 avgustda davlat rahbarining “Qoraqalpog‘iston Respublikasida tadbirkorlik, innovatsion texnologiyalar va infratuzilmalarni jadal sur’atlarda rivojlantirish orqali aholi farovonligini oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni va katta dastur qabul qilingan edi. Bular bilan 2023 yilning o‘zida 670 milliard so‘m va 340 million dollar mablag‘lar ajratildi.

Ta’kidlanishicha, tadbirkorlarga jozibador biznes muhitini yaratish maqsadida foyda, aylanmadan soliq, yer va mol-mulk soliqlari 2 baravar pasaytirilib, ijtimoiy soliq 1 foiz qilib belgilangan. Bu orqali Qoraqalpog‘istonning barcha tadbirkorlari ixtiyorida yiliga 500 milliard so‘m qolayapti.

Faqat ushbu hudud tadbirkorlariga tijorat kreditlarining 75 foiziga Tadbirkorlik jamg‘armasi kafilligi berilishi belgilangan.

“Biz bitta el va bitta yurtmiz! Hamma viloyatlar Qoraqalpog‘istonni rivojlantirishga o‘z hissasini qo‘shishga bel bog‘lagan. Har bir tumanga vazirlar, viloyat hokimlari, idora va banklar rahbarlari biriktirilgan. Buning natijalari barcha tumanlarda ko‘rinayapti va bu ishlar to‘xtamaydi”, deydi Shavkat Mirziyoyev.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev korxonalar Kegeyli

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing