Mirziyoyev Qozonda Modi bilan uchrashdi
Jamiyat
−
23 Oktabr
3090O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 23 oktyabr kuni Qozon shahriga tashrifi doirasida Hindiston Respublikasi Bosh vaziri Narendra Modi bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Bildirilishicha, uchrashuvda O‘zbekiston-Hindiston strategik sheriklik munosabatlari va ko‘p qirrali hamkorligini yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqilgan.
Yuqori texnologiyalar, sun’iy intellekt, sanoat, energetika, farmatsevtika, transport kommunikatsiyalari bo‘yicha dastur va loyihalarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.
Joriy yilda Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishi va biznes forumini o‘tkazish, shuningdek, sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha o‘rta muddatli dastur qabul qilishga kelishib olindi.
"Mamlakatlarimizda Madaniyat va kino kunlarini, tibbiyot va sport sohalarida hamda yoshlar ishtirokida, shu jumladan yoshlarning parlament tashkilotlari doirasida qo‘shma tadbirlar o‘tkazish taklifi bildirildi", deyiladi xabarda.
Shuningdek, yetakchilar bo‘lajak oliy darajadagi tadbirlar rejasini ham muhokama qilgan.
Ma’lumot uchun, Mirziyoyev va Modi oxirgi marta o‘tgan yilning 1 dekabr kuni Dubayda uchrashgan. Bungacha esa ular 2022 yil 16 sentyabr kuni Modi Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashi majlisida ishtirok etish uchun Samarqandga kelganida uchrashuv o‘tkazgan. Mirziyoyev 2018 va 2019 yillarda Hindistonga borgan. Bungacha u Modi bilan SHHT sammitlari doirasida uchrashuv o‘tkazgan.
Eslatib o‘tamiz, Mirziyoyev bugun, 23 oktyabr kuni BRICS sammitida qatnashish uchun Qozonga yetib borgandi. Modi ham shu sammitda ishtirok etmoqda.
22-24 oktyabr kunlari Qozon shahrida Rossiya Federatsiyasining assotsiatsiyaga raisligining muhim voqeasi bo‘lgan BRICS’ga a’zo davlatlar rahbarlarining o‘n oltinchi sammiti bo‘lib o‘tmoqda. Unda 30 dan ortiq davlat vakillari ishtirok etishi kutilmoqda. Qozonga borgan xorijiy yetakchilar orasida, xususan, Xitoy rahbari Si Szinpin, Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi va Janubiy Afrika Respublikasi Prezidenti Siril Ramafosa ham bor.
LiveBarchasi