Mirziyoyev Qozonda Erdo‘g‘an bilan uchrashdi
Jamiyat
−
23 Oktabr
3381Bugun, 23 oktyabr kuni Qozon shahriga tashrifning birinchi kunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev BRICS sammiti doirasida Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Bildirilishicha, suhbat davomida O‘zbekiston-Turkiya keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish bo‘yicha dolzarb masalalar atroflicha ko‘rib chiqilgan. Ikki davlat rahbarlari siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy va gumanitar sohalardagi ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish muhimligini ta’kidlagan.
Prezidentlar faol muloqotlar va samarali almashinuvlarni davom ettirish zarurligini qayd etgan.
“Geologiya va mineral resurslarni qazib chiqarish, elektrotexnika, mashinasozlik, sog‘liqni saqlash, ta’lim va boshqa sohalarda kooperatsiya loyihalarini ilgari surish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Qo‘shma madaniy-gumanitar tadbirlarni muntazam o‘tkazib borish zarurligi ta’kidlandi”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, yetakchilar xalqaro va mintaqaviy kun tartibining muhim jihatlari yuzasidan ham fikr almashgan.
Eslatib o‘tamiz, Mirziyoyev bugun, 23 oktyabr kuni BRICS sammitida qatnashish uchun Qozonga yetib borgandi. Modi ham shu sammitda ishtirok etmoqda.
22-24 oktyabr kunlari Qozon shahrida Rossiya Federatsiyasining assotsiatsiyaga raisligining muhim voqeasi bo‘lgan BRICS’ga a’zo davlatlar rahbarlarining o‘n oltinchi sammiti bo‘lib o‘tmoqda. Unda 30 dan ortiq davlat vakillari ishtirok etishi kutilmoqda. Oldinroq Mirziyoyev sammit doirasida Hindiston Respublikasi Bosh vaziri Narendra Modi bilan uchrashuv o‘tkazgandi.