Mirziyoyev Qozog‘iston Senati raisini qabul qildi

Jamiyat

image

Bugun, 4 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatda rasmiy tashrif bilan bo‘lib turgan Qozog‘iston Respublikasi Parlamenti Senati raisi Maulen Ashimbayevni qabul qildi.

Davlat rahbari oliy darajadagi muntazam va samarali muloqotlar tufayli O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlari bugun yuksak darajaga chiqqanini mamnuniyat bilan qayd etdi.

Senat raisi Maulen Ashimbayev, o‘z navbatida, O‘zbekiston yetakchisiga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirdi hamda Qozog‘iston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayevning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirish va kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Pandemiya oqibatlarini birgalikda yengib o‘tish maqsadida hukumatlar, hududlar va tadbirkorlar darajasida faol almashinuvlar davom etmoqda. Joriy yil boshidan tovar ayirboshlash hajmi 40 foizga oshdi. Mashinasozlik, to‘qimachilik sanoati, transport, turizm va iqtisodiyotning boshqa sohalarida yirik kooperatsiya loyihalari tayyorlanmoqda va amalga oshirilmoqda. Madaniy-gumanitar sohadagi dasturlar qayta tiklandi.

O‘zbekiston va Qozog‘iston parlamentlari ikki tomonlama hamkorlikning istiqboldagi kun tartibini shakllantirishda faol ishtirok etishi, hududlar ma’muriyatlari va ishbilarmon doiralarni keng jalb qilgan holda yangi tashabbuslar va aniq loyihalarni ilgari surish, shuningdek, dolzarb mintaqaviy va xalqaro masalalar bo‘yicha hamkorlik va o‘zaro muvofiqlashuvni kuchaytirish muhim ekani alohida ta’kidlandi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev O'zbekiston-Qozog'iston Maulen Ashimbaev

Baholaganlar

18

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing