Mirziyoyev Qorabog‘da “Tolibon” vakili bilan uchrashdi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 3 iyul kuni Xonkendi shahridagi Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti sammiti doirasida Afg‘onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumati Bosh vazirining iqtisodiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Mulla Abdul G‘ani Barodarni qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, savdo-iqtisodiyot, transport-logistika, energetika sohalaridagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirishning dolzarb jihatlari muhokama qilingan. Tovar ayirboshlash hajmi va qo‘shma korxonalar soni barqaror ortib borayotgani alohida mamnuniyat bilan qayd etilgan.

“Amaliy aloqalar faollashdi. Joriy yilning may oyida Qobul va Mozori Sharif shaharlarida O‘zbekiston savdo uylari ochildi. Iyun oyida Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim imzolandi”, deyiladi xabarda.

O‘zbekiston yetakchisi chegaraoldi savdo va tegishli infratuzilmani yanada rivojlantirish, qazib chiqarish, to‘qimachilik va farmatsevtika tarmoqlarida, qurilish materiallari tarmoqlarida, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va boshqa yo‘nalishlarda kooperatsiya loyihalarini ilgari surish muhimligini ta’kidlagan.

Strategik muhim mintaqaviy loyiha – Transafg‘on temiryo‘lini qurish loyihasini jadallashtirish zarurligi qayd etilgan.

Eslatib o‘tamiz, 11 iyun kuni Shavkat Mirziyoyev Toshkent xalqaro investitsiya forumi tadbirlarida ishtirok etayotgan “Tolibon” muvaqqat hukumatida sanoat va savdo vaziri vazifasini bajaruvchi Nuriddin Aziziyni qabul qilgandi. Keyinchalik Nuriddin Aziziy O‘zbekiston Investitsiyalar, savdo va sanoat vaziri Laziz Qudratov bilan ikki davlat o‘rtasida imtiyozli savdo bo‘yicha kelishuv imzoladi


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston Shavkat Mirziyoev O'zbekiston Tolibon Mulla Abdul G'ani Barodar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing