Mirziyoyev “qora shahzoda” bilan uchrashib, kelgusi rejalarni kelishib oldi
Jamiyat
−
20 iyul 2023
9439O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 19 iyul kuni Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi va Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchilarining birinchi sammiti doirasida Saudiya Arabistoni Podshohligi Valiahdi, Bosh vaziri Muhammad bin Salmon Ol Saud bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Valiahd O‘zbekiston rahbarini bo‘lib o‘tgan Prezident saylovidagi ishonchli g‘alabasi bilan dildan qutlab, O‘zbekistonning ko‘p millatli xalqiga tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tilagan.
Shavkat Mirziyoyev, o‘z navbatida, Saudiya Arabistoni rahbariyatiga O‘zbekiston fuqarolari Haj va Umra amallarini ado etishlariga yaratilgan sharoitlar uchun samimiy minnatdorlik bildirgan.
Muzokaralarda O‘zbekiston-Saudiya munosabatlarini yanada mustahkamlashning dolzarb masalalari ko‘rib chiqilgan. O‘zaro muloqot va almashinuvlar faollashgani mamnuniyat bilan qayd etilgan.
O‘tgan yilning avgust oyida o‘tgan ikki tomonlama sammit davomida qabul qilingan bitim va kelishuvlarni so‘zsiz amalga oshirish muhimligi ta’kidlangan.
Qayd etilishicha, joriy yil boshidan tovar ayirboshlash hajmi 20 foizga, qo‘shma korxonalar soni ikki barobarga oshgan. Yetakchi “Acwa Power” kompaniyasi ishtirokida “yashil” energetikada muhim loyihalarni amalga oshirish boshlangan. “Yashil vodorod”, neft-kimyo, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, tibbiyot, turizm va boshqa tarmoqlarda yirik investitsiya loyihalari ishlab chiqilmoqda.
Uchrashuvda xalqaro siyosat masalalari yuzasidan ham fikr almashilgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning amaliy tashrifi yakunlandi, davlat rahbari Toshkentga jo‘nab ketdi.
LiveBarchasi