Mirziyoyev qatarlik biznesmenlar bilan uchrashdi

Jamiyat

image

Kecha, 1 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qatarga safarining birinchi kunida Dohada mamlakatning yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi. 

Prezident qabulida bo‘lgan biznesmenlar orasida Qatarning yetakchi energetika korporatsiyasi – “Nebras Power”ning boshqaruvi raisi Muhammad al-Hajriy ham bor.

U bilan uchrashuvda energetika sohasida, eng avvalo, muqobil energetikada yangi loyihalarni ilgari surish bo‘yicha o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishning amaliy jihatlari ko‘rib chiqilgan.

Shavkat Mirziyoyev Sirdaryo viloyatida Qatar kompaniyasi ishtirokida bug‘-gaz texnologiyalari asosida quvvati 1,6 GVt bo‘lgan zamonaviy elektr stansiyasi qurilishi loyihasini amalga oshirish boshlanganini mamnuniyat bilan qayd etgan.

Bildirilishicha, Surxondaryo viloyatida issiqlik elektr stansiyasini barpo etish loyihasi doirasida tayyorgarlik ishlari yakunlanmoqda. Bundan tashqari, Toshkent viloyatida 600 MVt quvvatli energiya saqlash tizimlarini yaratish hamda Qoraqalpog‘istonda 1 GVt quvvatli shamol elektr stansiyasini ishga tushirish bo‘yicha qo‘shma rejalar muhokama qilingan.

Uzoq muddatli sheriklik dasturini qabul qilish, unga, eng avvalo “yashil” energetikaga doir istiqbolli loyihalarni kiritish yuzasidan kelishuvga erishilgan.

O‘zbekiston Prezidenti o‘ziga ajratilgan qarorgohda “Power International Holding” kompaniyasi boshqaruvi raisi Mutaz al-Hayyatni ham qabul qilgan.

Qayd etilishicha, hozirda ushbu kompaniya bilan hamkorlikda Jizzax viloyatida kelgusida mintaqaning eng katta agrosanoat majmuasi bo‘ladigan zamonaviy chorvachilik klasteri qurilmoqda. Shuningdek, O‘zbekistonda yuqori tezlikda harakatlanishga mo‘ljallangan avtomobil magistralini barpo etish, ammiak va karbamid ishlab chiqarish hajmini oshirish, ishbilarmonlik va mehmonxona infratuzilmasi, sog‘liqni saqlash ob’ektlarini tashkil etish istiqbolli loyihalar sifatida ta’kidlangan.

Qatar tomoni tez orada xolding O‘zbekistonda o‘z ofisini ochishini ma’lum qilgan.

Ma’lumot uchun, Power International dunyoning 19 ta mamlakatida energetika, neft-kimyo, sanoat, qishloq xo‘jaligi, transport infratuzilmasi, sog‘liqni saqlash, turizm kabi sohalarda faol ish olib borayotgan Qatarning eng yirik milliy xoldingi sanaladi. U Yaqin Sharqdagi yetakchi ko‘p tarmoqli kompaniyalardan biridir.

Qatarga tashrifning birinchi kunida Mirziyoyev “Al Mirqab Capital” xolding kompaniyasi ijrochi direktori Saif ur-Rahmon Xonni ham qabul qildi.

1983 yilda asos solingan Al Mirqab Capital xoldingi AQSH, Yevropa va Yaqin Sharqda For Seasons, The Ritz Carlton va boshqa brendlardagi 20 ta yirik mehmonxona egasidir. Kompaniya aktivlari qiymati 8 milliard dollardan ziyodni tashkil etadi.

Uchrashuvda mehmonxona infratuzilmasi va turizm xizmatlarini rivojlantirish, logistika va energetika tarmog‘ini modernizatsiya qilish borasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilingan.

Xususan, kompaniya tomonidan Toshkent viloyatida logistika markazi, Buxoro shahrida mehmonxona-kongress majmuasini qurish, O‘zbekistonda elektr ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirishga investitsiya kiritish rejalari ko‘rib chiqilgan.

Bildirilishicha, investitsiya loyihalari qo‘shma “yo‘l xaritasi” asosida amalga oshiriladi.

Qatarga davlat tashrifining ishbilarmonlik dasturi doirasida Prezident Mirziyoyev Qatar investitsiyalar agentligi direktori Bandar bin Saud Ol Soniyni ham qabul qildi.

Agentlik sanoat, infratuzilma, energetika, ko‘chmas mulk, elektron texnologiyalar sohalarida yirik loyihalarni amalga oshirishda katta tajribaga ega global miqyosdagi yetakchi investitsiya xoldinglaridan biri hisoblanadi. Idora rahbari bir vaqtning o‘zida Qatar Markaziy banki raisidir.

Uchrashuvda agentlikning to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarini O‘zbekiston hududlarida “yashil” energetika ob’ektlari – quyosh va shamol stansiyalarini qurish, transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish, shu jumladan zamonaviy aviaterminallar barpo etish va boshqa investitsiya loyihalariga jalb qilish masalalari atroflicha ko‘rib chiqilgan.

Ilg‘or bank-moliya xizmatlarini, shu jumladan islom moliyasi dasturlari doirasida rivojlantirishdan manfaatdorlik bildirilgan.
Qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun ikki tomonlama guruh uchrashuvini yaqin fursatda o‘tkazishga kelishib olingan.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 1 oktyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Qatar Davlati Amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniyning taklifiga binoan davlat tashrifi bilan Doha shahriga yetib borgan, uni Qatar Bosh vaziri – Tashqi ishlar vaziri shayx Muhammad bin Abdurahmon Ol Soniy va boshqa rasmiy shaxslar kutib olgandi. Davlat tashrifi dasturiga muvofiq, bugun, 2 oktyabr kuni oliy darajadagi uchrashuvlar bo‘lib o‘tadi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev O'zbekiston Qatar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing