Mirziyoyev Qatar sobiq bosh vazirini qabul qildi
Jamiyat
−
07 noyabr 2023
5391O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev oliy darajadagi kelishuvlar doirasida mamlakatda bo‘lib turgan Qatarning sobiq bosh vaziri Hamad bin Jassim Ol Soniyni qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Bildirilishicha, Qatar davlatidagi qator yirik investitsiya va sanoat xoldinglari asoschisi bilan O‘zbekistonda istiqbolli investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqilgan.
Xususan, Buxoro shahrida zamonaviy mehmonxona majmuasi, Toshkent shahrida yirik logistika markazi, savdo va turarjoy majmuasini qurish, yuqori tezlikda harakatlanishga mo‘ljallangan avtomobil va temiryo‘llar infratuzilmasini barpo etish, aeroportlarni modernizatsiya qilish, shuningdek, energetika, metallurgiya, to‘qimachilik sanoati, chorvachilik, qurilish materiallarini ishlab chiqarish va boshqa loyihalar shular jumlasidan.
“Ushbu loyihalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘shma fond tashkil etish rejalari ham muhokama qilindi”, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, mazkur loyihalar qo‘shma “yo‘l xaritasi” asosida amalga oshiriladi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 1 oktyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Qatar Davlati Amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniyning taklifiga binoan davlat tashrifi bilan Doha shahriga yetib borgan, uni Qatar bosh vaziri – Tashqi ishlar vaziri shayx Muhammad bin Abdurahmon Ol Soniy va boshqa rasmiy shaxslar kutib olgandi.
Shu kuni Mirziyoyev Dohada mamlakatning yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashgan edi. Ertasi kuni esa Mirziyoyev Doha shahrida o‘ziga ajratilgan qarorgohda Qatar Davlatining sobiq Bosh vaziri, mamlakatdagi qator yirik investitsiya va sanoat xoldinglari asoschisi Hamad bin Jassim Ol Soniyni qabul qildi.
LiveBarchasi