Mirziyoyev Qarshi shahridagi maktab o‘quvchilari bilan gaplashdi
Jamiyat
−
11 Oktabr 2021
5795Bugun, 11 oktyabr kuni Qashqadaryoda bo‘lib turgan Shavkat Mirziyoyev Qarshi shahrida tashkil etilgan Prezident maktabiga tashrif buyurdi.
168 o‘rinli maktab binosi va yotoqxona Prezident maktablari standarti asosida qurilgan. Fan xonalari, laboratoriyalar, sport zallarida eng zamonaviy sharoitlar yaratilgan.
Bu yil maktabga 10 mingdan ziyod o‘quvchi hujjat topshirib, shundan 144 nafari qabul qilindi. Ta’lim jarayoni rivojlangan davlatlar tajribasi asosida ishlab chiqilgan o‘quv rejalari va dasturlari bo‘yicha ingliz tilida olib boriladi. Buning uchun eng malakali o‘qituvchilar, jumladan, 10 nafar chet ellik mutaxassis jalb qilingan. 15 o‘rinli o‘qituvchilar mehmonxonasi qurilgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘quvchilar bilan suhbatlashdi.
“Bu hayotlaringizdagi birinchi eng katta g‘alabangiz. Ana shu g‘alaba bilan sizlarni tabriklayman, ota-onangizga rahmatlar aytaman. O‘z kelajagingizga zamin yaratayapsiz. Vaqtdan, bu sharoitlardan unumli foydalaninglar. Bugungi muvaffaqiyat – tarix. Yanayam ko‘proq o‘qib, izlanishdan to‘xtamanglar. Kelgusida yangi O‘zbekistonning munosib farzandlari bo‘lib yetishasizlar. Men bunga ishonaman”, deydi Shavkat Mirziyoyev.
Prezident maktabi bilan viloyatdagi boshqa maktablar o‘rtasida tajriba almashinuvni yo‘lga qo‘yish, shu asosida aniq fanlarni o‘qitish metodologiyasini yangilash zarurligi ta’kidlandi.
LiveBarchasi