Mirziyoyev Islom sivilizatsiyasi markazining qurilishi bilan tanishdi (fotoreportaj)
Jamiyat
−
08 aprel 2022
8744Xabaringiz bor, 2018 yil 15 iyun — Ramazon hayiti kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Islom sivilizatsiyasi markazi poydevoriga tamal toshi qo‘ygan edi. Bugungi muborak Ramazon kunlarida davlat rahbari ushbu majmuaga yana tashrif buyurdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, bu markaz ham mahobati, ham mohiyati jihatidan ulkan loyiha. Uning qurilishi qariyb to‘rt yildirki davom etmoqda. Majmua uch qavatli bo‘lib, qadimiy obidalar shaklida barpo etilgan. Bino markazida ulkan gumbaz, to‘rt tomonida simmetrik peshtoqlar qurilgan. Bugungi kunda pardozlash ishlari olib borilmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev shu ishlarni ko‘zdan kechirgan. Binoni pardozlashda qadimiy madrasalardagi belgilar va issiq ranglardan foydalanilmoqda. Davlat rahbari majmuani chiroyli va sifatli qilib qurish bilan birga mazmuniga alohida e’tibor qaratish zarurligini ta’kidlagan.
“Bugun, muborak Ramazon oyida, juma kunida bu yerga kelishimiz bejiz emas. Bunday ulug‘ ayyom kunlarida qilingan niyatlar amalga oshadi. Oxirgi yillarda og‘ir-og‘ir sinovlardan o‘tdik. Lekin bu yerda ish to‘xtagani yo‘q. Nima uchun buni qurayapmiz? Xalqimizning dunyoqarashini, g‘ururini ko‘tarish, qanday buyuk el ekanimizni ashyoviy dalillar bilan namoyon etish uchun”, deydi Shavkat Mirziyoyev.
Bundan tashqari Islom sivilizatsiyasi markazi xalqning ma’naviy qudratini ko‘rsatishi qayd etilgan.
“O‘tgan yili Qashqadaryoda “O‘zbekiston GTL” zavodini ochib, butun dunyoga mamlakatimizning iqtisodiy qudratini ko‘rsatdik. Bu markaz xalqimizning ma’naviy va ma’rifiy qudrati timsoli bo‘lib qoladi”, deya ta’kidladi Prezident.
Qayd etilishicha, davlat rahbari devorlardagi ravoqlarning bezak va yozuvlari namunalari bilan tanishgan. Darvozalar tepasiga tinchlik, ilm, odobga chorlovchi oyatlardan yozish maqsadga muvofiqligini aytgan.
Shuningdek, Islom sivilizatsiyasi markazining tarkibiy qismlari to‘g‘risida ma’lumot berilgan.
“Birinchi qavatda muzey ombori, qadimiy qo‘lyozma va osori-atiqalarni saqlash hamda restavratsiya qilish xonalari, nashriyot va kitob do‘konlari joylashadi. Ikkinchi qavat majmuaning asosiy ko‘rgazma maydoni bo‘ladi. Bu yerdagi Islom tarixi muzeyi 9 ta bo‘limdan tashkil topadi. Binoning markazida, 65 metr balandlikdagi gumbaz ostida Islom olamining durdonasi hisoblangan Usmon mushafi qo‘yiladi. Bu zal atrofida yana 8 ta – “Islomdan avvalgi davrda Markaziy Osiyo”, “Islomning Markaziy Osiyoga yoyilishi”, “Ta’lim”, “Ilm-fan”, “Me’morchilik va shaharsozlik”, “San’at va badiiy hunarmandchilik”, “An’analar” hamda “Uchinchi Renessans – Yangi O‘zbekiston” bo‘limlari joylashadi. Shuningdek, bu qavatda 550 kishiga mo‘ljallangan konferensiya zali bo‘ladi”, deyiladi xabarda.
Prezident “Ilm-fan” bo‘limini ko‘zdan kechirgan. Alloma bobolar merosini keng va ta’sirchan targ‘ib etish bo‘yicha tavsiyalar bergan. Davlat rahbari uchinchi qavatga chiqib, kutubxona, Islom akademiyasi ilmiy kafedralari va ma’muriy xonalar namunalarini ham ko‘rgan.
LiveBarchasi