Mirziyoyev Islom sivilizatsiyasi markazi qurilishida tavsiyalar berdi

Jamiyat

image

Avval xabar berganimizdek, bugun, 29 yanvar, kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi. Prezident markazning qurilish jarayonini ko‘zdan kechirdi.

Xabarga ko‘ra, bugungi kunda bino to‘liq qad ko‘targan. Uning markazida ulkan sharqona gumbaz, to‘rt tomonida 34 metrlik peshtoqlar qurilgan.

Davlat rahbari har bir yo‘lak va xonaga kirib, ularni pardozlash va jihozlashga oid loyihalarni ko‘rdi.

Qayd etilishicha, markazning ichki va tashqi ko‘rinishi, naqshlari yuzasidan tavsiyalar berilgan. Xonalarni ko‘plab sayyohlar, delegatsiyalar kelishi, xalqaro konferensiyalar o‘tkazilishini inobatga olib zamonaviy jihozlash, ekspozitsiyani turli yoshdagi insonlarga mos holda tayyorlash zarurligi ta’kidlandgan.

Prezident avvalgi tashrifi chog‘ida Islom sivilizatsiyasi markazi shu yo‘nalishdagi ilmiy muassasalar uchun negiz bo‘lishi, bu yerda olimlar tadqiqot olib borib, talabalar bilimini mustahkamlashi kerakligini aytgan edi.

Shunga ko‘ra, loyiha takomillashtirilib, markazda Xalqaro islom akademiyasining magistrant va doktorantlari o‘qishi uchun sharoit yaratish nazarda tutilgan.

Davlati rahbari shu yerda olimlar, ziyolilar, nuroniylar va mahalla raislari bilan suhbatlashdi.

“Milliy o‘zlikni anglash deb ko‘p gapiramiz. Lekin shunga munosib bo‘lyapmizmi, degan tuyg‘u meni qiynaydi. Ota bobolarimiz qiyin sharoitlarda, mehnat-mashaqqat bilan qanday buyuk ishlarni amalga oshirgan. Jadid bobolarimizni ham bekorga qatag‘on qilishmagan. Chunki bilishardiki, ilm, g‘urur, davlatchilik bizning qonimizda bor. Bu yerda hamma buyuk allomalarimizning ovozi eshitilib turadi”, deydi Shavkat Mirziyoyev.

Shuningdek, markaz joylashgan Olmazor tumanidagi har bir mahalla ushbu ma’rifat maskaniga munosib bo‘lishi, bilim, tarbiya jihatidan takliflarini berishi zarurligi ta’kidlangan.

“Shuni amalga oshirsak, har bir mahallaga Islom sivilizatsiyasi markazining nuri kiradi, yuzimiz yorug‘ bo‘ladi”, deydi Prezident.

Markaz qurilishi davom etmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

122

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing