Mirziyoyev Iordaniya podshohini Samarqandda aylantirdi
Jamiyat
−
25 avgust 7625 2 daqiqa
Iordaniya podshohi Abdulla II ibn al-Husayn O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamrohligida qadimiy Samarqand shahrining ulug‘vor tarixiy obidalari bilan tanishdi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidentining matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, davlat rahbarlari avval Shohi Zinda majmuasiga tashrif buyurgan. Bu yerda Payg‘ambar Muhammad alayhissalomning sahobalaridan biri Qusam ibn Abbos va boshqa arboblarning maqbaralari joylashgan.
Rasman Payg‘ambar Muhammad alayhissalomning qizi Fotima va kuyovi Ali ibn Abu Tolibning avlodlari hisoblangan Hoshimiylar sulolasi vakili bo‘lgan Iordaniya podshohi Qusam ibn Abbos xotirasiga hurmat bajo keltirgan. Qur’on tilovat qilingan.
Amir Temur maqbarasi ziyorati chog‘ida Iordaniya delegatsiyasiga buyuk sohibqironning davlatchilik siyosati, harbiy mahorati, turli mamlakatlar bilan diplomatik aloqalari haqida so‘zlab berilgan. Sohibqiron hayoti va faoliyati, uning davlati o‘z davrining eng ulkan mamlakati bo‘lgani mehmonlarda katta taassurot qoldirgan.
Davlat rahbarlari Mirzo Ulug‘bek, Sherdor va Tillakori madrasalaridan iborat Registon majmuasini ham ziyorat qilgan. Asrlar davomida bu obidalar ilm-fan markazi bo‘lgan, yuzlab olim va tadqiqotchilarni yetishtirgan.
Tanishuv chog‘ida oliy martabali mehmonga ushbu inshootlarning bunyod etilish tarixi va naqshlarining o‘ziga xos jihatlari, maydonda olib borilgan restavratsiya ishlari haqida ma’lumot berilgan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi podshohi Abdulla II ibn al-Husayn bugun, 25 avgust kuni davlat tashrifi bilan Samarqandga kelgandi. Samarqand shahri aeroportida Iordaniya podshohini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kutib olgan. Oliy martabali mehmon sharafiga ikki mamlakat davlat bayroqlari ko‘tarilgan, faxriy qorovul saf tortgan.
Live
Barchasi