Mirziyoyev Imron Xonga muhim siyosiy tadbirda muvaffaqiyat tiladi
Jamiyat
−
05 aprel 2022
5022Bugun, 5 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri vazifasini bajaruvchi Imron Xon bilan telefon orqali muloqot qildi. O‘zbekiston Prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, rahbarlar muqaddas Ramazon oyi kirib kelgani bilan bir-birlarini samimiy tabriklab, mamlakatlarning do‘st xalqlariga tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va bardavom ravnaq tilagan.
Shuningdek, joriy yilning 3-4 mart kunlari Pokistonga amalga oshirilgan oliy darajadagi davlat tashrifi yakunida qabul qilingan qo‘shma “yo‘l xaritasi” ijrosining borishi ko‘rib chiqilgan. Eng avvalo, savdo, sanoat, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, turizm, madaniyat va boshqa ustuvor yo‘nalishlardagi ko‘p qirrali hamkorlik loyiha va dasturlarini o‘z vaqtida amalga oshirish muhimligi ta’kidlandgan.
Mintaqaviy hamkorlik masalalari yuzasidan ham fikr almashilgan. Muloqot yakunida O‘zbekiston yetakchisi Pokiston Hukumati rahbari va xalqiga ushbu mamlakatda bo‘lajak muhim siyosiy tadbir – parlament saylovi muvaffaqiyatli o‘tishini tilagan.
Ma’lumot uchun, Pokistonda 88 kundan keyin yangi parlament saylovlari o‘tkazilishi mumkin.
LiveBarchasi