Mirziyoyev Imomali Rahmonni tabrikladi
Jamiyat
−
08 Sentabr 2021
5453Bugun, 8 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon bilan telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi.
Davlat rahbari Tojikiston Prezidenti va xalqini mustaqillikka erishilganining 30 yilligi bilan samimiy muborakbod etib, tinchlik-osoyishtalik, farovonlik, katta muvaffaqiyatlar va ravnaq tilaklarini izhor etdi.
O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni, eng avvalo savdo-iqtisodiy sohadagi sheriklikni yanada kengaytirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Prezidentlar joriy yilning 16-17 sentyabr kunlari Dushanbe shahrida o‘tkaziladigan Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashi majlisi tadbirlariga tayyorgarlikning borishini ko‘rib chiqdilar, shuningdek, Afg‘onistonda vujudga kelayotgan vaziyat yuzasidan fikr almashdilar.
SHHTning bo‘lajak sammiti doirasida yetakchilar ikki tomonlama va mintaqa kun tartibidagi masalalar yuzasidan alohida uchrashuv o‘tkazishi yuzasidan kelishuvga erishildi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 30 avgust kuni Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon ham Shavkat Mirziyoyevni va O‘zbekiston xalqini mustaqillikning 30 yilligi bilan samimiy tabriklab, tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tilaklarini izhor etgandi.
Ma’lumot o‘rnida, Tojikiston Mustaqillik bayramini ertaga, 9 sentyabr kuni nishonlaydi. Bundan 30 yil avval ya’ni 1991 yilning xuddi shu sanasida Tojikiston Oliy Majlisi (Shuroi Olii Jumhurii) sessiyasida “Tojikiston Respublikasining mustaqilligi to‘g‘risida” qaror va bayonot qabul qilingan.
LiveBarchasi