Mirziyoyev IIVning Situatsion-tahliliy markaziga bordi
Jamiyat
−
03 may 2022
9518Bugun, 3 may kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ichki ishlar vazirligining Situatsion-tahliliy markazida bo‘ldi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, bu majmua ichki ishlar organlarining kuch va vositalarini axborot texnologiyalari asosida boshqarishga ixtisoslashgan. Zamonaviy bino qurilib, 554 terrabayt xotiraga ega 18 ta server, katta hajmli kuzatuv ekrani, kompyuterlar bilan jihozlangan.
Markazda “102” tizimi, videokuzatuv kameralari, internet va boshqa manbalardan kelib tushayotgan ma’lumotlar avtomatlashgan tarzda yig‘iladi va qayta ishlanadi. Qoidabuzarlik avtotransportning davlat raqami yoki shaxsning yuz qiyofasi orqali tezkor aniqlanib, qidiruv tashkil etiladi. Bu tizim sun’iy intellekt yordamida ishlaydi va inson omili minimal darajada. Bular orqali markaz butun mamlakatda jamoat xavfsizligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Prezident markazdagi sharoitlarni ko‘zdan kechirgan, ish tizimi bilan tanishgan. Bu yerda barcha huquq-tartibot idoralari va shoshilinch xizmatlar ma’lumotlarini integratsiya qilish zarurligini ta’kidlagan.
“Bu katta ish. Lekin qamrov va tezkorlikni oshirish kerak. Odamlar qachon o‘zini xavfsiz, erkin sezadi? Qachon turist ko‘payadi? Jinoyatchilik yo‘q bo‘lsa, xavfsizligiga ishonsa, ko‘chada tartibdan tozalikkacha - hammasi ta’minlangan bo‘lsa. Buning uchun barcha huquq-tartibot idoralari ma’lumotlarini bir mushtdek integratsiya qilish kerak. Bu integratsiya kirib borgan har bir tarmoq xodimlarining dunyoqarashini o‘zgartirish zarur”, degan Shavkat Mirziyoyev.
Shuningdek, axborot texnologiyalari bo‘yicha oliy o‘quv yurtlarida bu tizim uchun kadrlar tayyorlash, tuman va shahar ichki ishlar bo‘limlarida zamonaviy texnologiyalar bilan ishlaydigan tahlilchilar faoliyatini tashkil etish muhimligi ta’kidlangan. Ichki ishlar tizimida “inson omilini istisno etuvchi” elektron navbat, masofadan murojaat kabi onlayn xizmatlarni keng joriy etish vazifasi qo‘yildi.
Mahallalarda ijtimoiy muammolarni tahlil qilish, profilaktika inspektorlarining kunlik ish faoliyatini rejalashtirish va monitoring qilish bo‘yicha elektron tizim yo‘lga qo‘yish topshirig‘i berilgan.
Shu yerda Samarqand viloyatida “Xavfsiz turizm” dasturi doirasida yo‘lga qo‘yilgan tizim namoyish qilingan. Davlat rahbari ichki ishlar tizimida qo‘llanilayotgan zamonaviy texnika va yangi xizmat kiyimi namunalarini ham ko‘zdan kechirgan.
LiveBarchasi