Mirziyoyev IHTni rivojlantirish bo‘yicha tashabbuslarni ilgari surdi
Jamiyat
−
04 iyul 3248 2 daqiqa
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 4 iyul kuni Xonkendi shahrida Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining 17-sammitida ishtirok etdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat rahbari “Iqtisodiy hamkorlikning strategik maqsadlari – 2035” konsepsiyasini qabul qilishni taklif qildi.
Bu hujjat orqali savdo, investitsiya, transport, energetika, sanoat va qishloq xo‘jaligidan tortib innovatsiyalar va raqamli texnologiyalar sohasigacha hamkorlikni rivojlantirish ko‘zda tutiladi.
Prezident nutqida hozirgi kunda IHT davlatlari o‘zaro savdosining past darajada ekanini ta’kidlar ekan, bu yo‘nalishda Toshkentda savdo vazirlari uchrashuvini o‘tkazishni taklif etdi.
Shuningdek, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari savdosi bo‘yicha “yashil yo‘laklar” tizimini joriy etish, “Ekoinvest” dasturini amalga oshirish va xususiy sarmoyalarni keng jalb qilish tashabbuslari ham ilgari surildi.
Prezident transport va logistika sohasi istiqbollariga to‘xtalar ekan, Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘li loyihasini muhim strategik qadam sifatida qayd etib o‘tdi.
“Raqamli transport va bojxona idorasini tashkil etish to‘g‘risidagi tashabbusni amalda tatbiq etish vaqti keldi”, dedi davlat rahbari.
Yana bir muhim jihat. Mintaqada yangi aviaqatnovlar yo‘nalishlarini ochish, aviakompaniyalar o‘rtasida innovatsion hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va turizm-aviatsiya sohalarida integratsiyalashgan marketing strategiyalarini ishlab chiqish zarurligi qayd etildi.
Ushbu masalalar yuzasidan Milliy aviakompaniyalar forumini Samarqandda o‘tkazish, shuningdek, turizm xizmatlarini rivojlantirish va sayyohlar oqimini oshirish maqsadida yo‘l xaritasi ishlab chiqish takliflari ham Prezident nutqida alohida o‘rin egalladi.
Ma’lumot uchun, Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev raisligida o‘tgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Eron Islom Respublikasi Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon, Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an, Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Shahboz Sharif, Qozog‘iston Respublikasi Bosh vaziri Oljas Bektenov, Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisining o‘rinbosari – Tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov, Afg‘onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumati bosh vaziri o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Mulla Abdul G‘ani Barodar, IHT bosh kotibi Asad Majid Xon hamda boshqa qator davlatlar va mintaqaviy tashkilotlar delegatsiyalari rahbarlari qatnashdi.
Eslatib o‘ztamiz, Shavkat Mirziyoyev mazkur sammitda o‘tgan oyda Eron Islom Respublikasiga nisbatan olib borilgan harbiy harakatlar butun mintaqani urush girdobiga tortish, keng miqyosdagi ekologik halokat o‘chog‘ining vujudga kelish xavfini tug‘dirganini aytgandi.
Live
Barchasi