Mirziyoyev Germaniya Prezidenti bilan ikki tomonlama muzokara o‘tkazdi

Jamiyat

image

Bugun, 29 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Germaniya Federal Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayerning ikki tomonlama uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.  Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston bilan Germaniya o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlarni, eng avvalo innovatsiya va texnologiyalar, “yashil” iqtisodiyot, muqobil energetika, transport va logistika, ta’lim va madaniyat sohalarida hamkorlikni rivojlantirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqilgan.

Shuningdek, joriy yil may oyida Germaniyaga amaliy tashrif davomida o‘tkazilgan sermahsul muzokaralarda erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlarni davom ettirish muhimligi qayd etilgan.

Prezidentlar mintaqaviy kun tartibi yuzasidan ham fikr almashgan, jumladan, “Markaziy Osiyo - Germaniya” formatida amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish muhimligini ta’kidlagan.

Bundan tashqari, Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Germaniya Federal Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer bilan uchrashuvida ishtirok etgan. 

Tadbirda Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston rahbari Imomali Rahmon, Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov ham qatnashgan.

Uchrashuvda konstruktiv siyosiy muloqotni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiyaviy va madaniy-gumanitar hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilingan.

Mintaqaviy xavfsizlik va barqaror taraqqiyotni, shu jumladan Yevropa Ittifoqi dasturlari doirasida ta’minlashning dolzarb jihatlari yuzasidan fikr almashilgan.

Shavkat Mirziyoyev o‘z so‘zida “Markaziy Osiyo - Germaniya” formatidagi hamkorlik istiqbollariga alohida to‘xtalgan. 

Germaniyaning yetakchi kompaniya va banklari O‘zbekistondagi faoliyatini kengaytirayotgani qayd etilgan. Mamlakat yoshlarida nemis tiliga qiziqish ortib borayotgani ta’kidlangan. Bildirilishicha, bugungi kunda O‘zbekistonda nemis tilini qariyb 300 ming nafar maktab o‘quvchisi va talabalar o‘rganmoqda.

Suhbatda Germaniya Federal Prezidenti O‘zbekiston yetakchisini Berlin shahridagi dunyoga mashhur Jeyms Simon galereyasida noyob madaniy-tarixiy ko‘rgazma muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan tabriklagan. Qayd etilishicha, bir necha oy ichida ko‘rgazmaga 200 ming nafar berlinliklar va Germaniya poytaxti mehmonlari tashrif buyurgan.


Maqola muallifi

Teglar

Germaniya Shavkat Mirziyoev O'zbekiston Frank-Val'ter Shtaynmayer Markaziy Osiyo

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing