Mirziyoyev Farg‘onadagi kechiktirib bo‘lmas 8 masalani sanab berdi
Jamiyat
−
28 Sentabr 2021 9109 2 daqiqa
Bugun, 28 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi prezidentligiga nomzod – amaldagi davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev Farg‘onada saylovchilar bilan uchrashuv o‘tkazmoqda.
Unda O‘zbekiston xalq shoiri, senator Enaxon Siddiqova moderatorlik qilyapti. Uchrashuv esa viloyatning Bag‘dod tumanidagi yangi aholi turar-joy massivida bo‘lib o‘tmoqda.
O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan ko‘rsatilgan nomzod Shavkat Mirziyoyev farg‘onaliklar bilan uchrashuvda viloyatda kechiktirib bo‘lmas, eng dolzarb masalalarni sanab berdi:
- Viloyat aholisi soni va uning o‘sish sur’ati bo‘yicha mamlakatda eng yuqori o‘rinlarni egallaydi (aholi soni 3 million 850 ming nafar). Bugungi kunda 20 mingga yaqin oila uy-joyga muhtoj. Har yili 30 mingdan ziyod yangi oilalar tashkil bo‘lishi ham uy-joyga bo‘lgan talabni oshirmoqda.
- So‘x, Oltiariq, Toshloq, Quvada ichimlik suvi ta’minoti darajasi 50 foizdan past. Rishton, Beshariq, Qo‘shtepa, Yozyovon, O‘zbekiston tumanlarida ham, ahvol yaxshi emas.
- Viloyatda kanalizatsiya va issiqlik ta’minoti tizimlari yetarli rivojlanmagan. Farg‘ona, Qo‘qon, Marg‘ilon va Quvasoy shaharlarining markazlashgan issiqlik ta’minoti tizimi ko‘p yillar mablag‘ ajratilmagani oqibatida izdan chiqqan.
- 9 ming kilometr ichki yo‘llar ta’mirtalab ahvolda.
- So‘nggi besh yilda viloyatda elektr energiyasi iste’moli 1,3 barobarga oshgani bois, elektr tarmoqlari, transformator va podstansiyalarning 40 foizi ta’mirga muhtoj.
- Aholining 1 million nafarida turli xil surunkali kasalliklar mavjud (respublika hududlari orasida 1-o‘rin).
- 236 ta maktabning yuklamasi quvvatlaridan ancha yuqori. Kelgusi besh yilda o‘quvchilar soni 62 mingtaga ko‘payadi.
- Viloyatda 160 mingdan ziyod aholi ishsiz bo‘lib, har yili mehnat bozoriga qo‘shimcha 50 ming nafar yoshlar kirib kelmoqda. 110 ming oila doimiy daromad manbaiga ega emas.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr