Mirziyoyev ertaga Belgiyaga uchib ketadi
Jamiyat
−
22 Oktabr 4364 2 daqiqa
Prezident Shavkat Mirziyoyev Yevropa kengashi Prezidenti Antoniu Koshta va Yevropa komissiyasi Prezidenti Ursula fon der Lyayenning taklifiga binoan 23-24 oktyabr kunlari rasmiy tashrif bilan Belgiyaning Bryussel shahrida bo‘ladi. Bu haqda O‘zbekiston rahbarining matbuot xizmati xabar berdi.
Tashrif dasturiga muvofiq, Yevropa Ittifoqi poytaxtida ushbu birlashmaning asosiy institutlari rahbarlari bilan ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Ko‘p qirrali munosabatlarni joriy yilning aprel oyida Samarqand shahrida o‘tgan oliy darajadagi uchrashuvda erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida yanada rivojlantirish va kengaytirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqiladi.
Qayd etilishicha, savdo-iqtisodiyot, investitsiya-moliya, innovatsiya, energetika, transport-kommunikatsiya, fan-ta’lim va boshqa ustuvor sohalarda amaliy hamkorlik bo‘yicha aniq loyiha hamda dasturlarni ilgari surish e’tibor markazida bo‘ladi.
Shuningdek, O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolanishi ko‘zda tutilgan.
Prezident matbuot xizmatining yozishicha, tashrif doirasida O‘zbekiston yetakchisi Belgiya rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazadi, texnologik va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma rejalarni jadallashtirish maqsadida Yevropaning yetakchi kompaniya va banklari rahbarlarini qabul qiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2025 yil 24 oktyabr kuni rasmiy tashrif bilan Bryusselga borishi haqida yozgan edik. “Euronews” nashri bu safar O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqi bilan munosabatlarida yangi bosqichni boshlaydigan muhim qadam sifatida baholanayotganini qayd etgandi.
Live
Barchasi