Mirziyoyev Eron Tashqi ishlar vazirini qabul qildi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 5 aprel kuni mamlakatda amialiy tashrif bilan bo‘lib turgan Eron Islom Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Muhammad Javad Zarifni qabul qildi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, uchrashuvda O‘zbekiston bilan Eron o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-logistika va boshqa sohalardagi hamkorlikning bugungi ahvoli va ularni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilingan.

Shavkat Mirziyoyev koronavirus pandemiyasi keltirib chiqargan murakkab sharoitlarga qaramay O‘zbekiston-Eron munosabatlari izchil rivojlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etgan.

Vazir Muhammad Javad Zarif, o‘z navbatida, samimiy qabul uchun Prezidentga minnatdorlik bildirib, Eron Prezidenti Hasan Ruhoniyning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazgan.

Shuningdek, uchrashuvda iqtisodiy hamkorlik masalalariga, savdo aloqalarini rivojlantirish va yangi kooperatsiya loyihalarini ilgari surishga alohida e’tibor qaratilgan.

Transport-kommunikatsiya sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, xususan, Eronning dengiz portlaridan samarali foydalanish hamda O‘zbekiston-Turkmaniston-Eron-O‘mon transport yo‘lagini rivojlantirish muhim ekani ta’kidlangan.

Shuningdek, xalqaro va mintaqaviy siyosatning tomonlarni qiziqtirgan dolzarb jihatlari, shu jumladan mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash va Afg‘onistonda tinchlik jarayonini ilgari surish masalalari muhokama qilingan.

Xabarda qayd etilishicha, Eron tashqi siyosiy idorasi rahbari O‘zbekistonning Afg‘oniston bo‘yicha tinchlik muzokaralariga ko‘maklashish, ushbu mamlakatni mintaqaviy savdo-iqtisodiy hamkorlikka jalb etish borasidagi sa’y-harakatlarini yuqori baholagan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

40

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing