Mirziyoyev Eron Prezidenti bilan uchrashdi
Jamiyat
−
09 noyabr 2023
3692Poytaxt Toshkentda o‘tayotgan Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti sammiti tadbirlari doirasida bugun, 9 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Eron Islom Respublikasi Prezidenti Ibrohim Raisiy bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti Matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston-Eron munosabatlarini yanada mustahkamlash, savdo, investitsiyalar, innovatsiyalar va transport sohalarida amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilingan.
O‘zaro muloqotlar faol davom etayotgani aytilgan.
Ikki tomonlama savdoda o‘sish sur’ati saqlanib qolmoqda, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida kooperatsiya loyihalari birgalikda amalga oshirilmoqda.
Uchrashuvda ilgari oliy darajada erishilgan kelishuvlarni to‘liq ro‘yobga chiqarish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.
Sanoat kooperatsiyasi va mahalliylashtirish, qishloq xo‘jaligi, logistikada o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish uchun imkoniyatlar mavjudligi ta’kidlangan.
O‘zbekiston va Eron rahbarlari madaniy-gumanitar va ilm-fan sohasidagi almashinuvlarni rivojlantirish muhimligini ko‘rsatib o‘tgan.
Shuningdek, mintaqaviy ahamiyatga molik masalalar, shu jumladan Afg‘onistondagi bugungi vaziyat nuqtayi nazaridan ko‘rib chiqilgan.
Eslatib o‘tamiz, Eron Islom Respublikasi Prezidenti Ibrohim Raisiy Toshkentga bugun, 9 noyabr kuni rafiqasi Jamila Alamolxoda bilan tashrif buyurdi.