O‘zbekiston-Turkiya Oling quda, bering quda
Tahlil
−
08 iyun
39229Turkiya va O‘zbekiston. Bu ikki mamlakat orasidagi bordi-keldilar, turli sohalardagi strategik hamkorlik 2016 yildan keyin oldingidan ancha o‘zgardi. Mirziyoyev Prezident bo‘lgandan keyin O‘zbekiston-Turkiya munosabatlarida yangi sahifa ochildi. Turkiyani doim o‘zimizga qardosh, qondosh, tildosh, dindosh deb aytamiz.
Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an tashriflarda rafiqasi Emina Erdo‘g‘anni o‘zi bilan olib yuradi. Bu bordi-keldi O‘zbekistonga bo‘lsa-ku gapirmasa ham bo‘ladi. Lekin, barcha tashriflarda ham Prezidentga hamroh bo‘lmaydigan O‘zbekiston birinchi xonimi Turkiyaga safarlardan qolmaydi. Bu ikki mamlakat rahbarlarining nafaqat hamkasb sifatida, balki oilaviy bordi-keldilari borligidan darak beradi.
Masalan, 5 iyun kuni Rajab Toyib Erdo‘g‘anning taklifiga binoan Turkiyaning Anqara shahriga borgan O‘zbekiston rahbari o‘zi bilan rafiqasi Ziroat Mirziyoyevani ham olib bordi.
6 iyun kuni esa Mirziyoyev Anqaradagi aerokosmik kompaniyaga bordi. Prezidentga kompaniya mahsulotlari namunalari, ishlab chiqarish jarayoni va xorijiy mamlakatlar bilan ilmiy hamkorlik natijalari taqdimot qilindi.
1984 yilda tashkil etilgan kompaniya turg‘un va aylanma qanotli havo texnikasi, uchuvchisiz uchish qurilmalari va sun’iy yo‘ldoshlarni loyihalashtirish, ishlab chiqish, modernizatsiya qilish, ishlab chiqarish va aerokosmik tizimlarni integratsiyalash sohalarida Turkiyaning yetakchi texnologiya markazidir. 2023 yilda bu kompaniya dunyodagi eng yirik 100 ta mudofaa kompaniyalari ro‘yxatiga kirgan. Korxonaning yillik daromadi 1,5 milliard dollarni tashkil etadi.
Tashrif davomida O‘zbekiston Prezidentiga Turkiya mudofaa sanoatining keng turdagi qurol-yarog‘ va harbiy texnikani ishlab chiqish va ishlab chiqarishga ixtisoslashgan boshqa korxonalari faoliyati ham taqdimot qilindi. Aviatsiya texnikasining namoyish parvozlari ham o‘tkazildi.
Shavkat Mirziyoyevning Turkiyaga tashrifining birinchi kunidagi asosiy tadbirlar kunning ikkinchi yarmida bo‘lib o‘tdi. Mirziyoyev Anqaradagi Prezident saroyida rasmiy kutib olindi.
Davlat rahbarlarining tor doiradagi muzokaralaridan so‘ng, Mirziyoyev va Erdo‘g‘an raisligida O‘zbekiston-Turkiya oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashining uchinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda qaysi masalalar muhokama qilinganiga birozdan keyin to‘xtalamiz. Hozir ikki mamlakatning birinchi xonimlarining uchrashuviga nazar solsak.
Emina Erdo‘g‘an Ziroat Mirziyoyevani Milliy kutubxonaga taklif qildi. Yetuklik institutlari tomonidan qo‘lda tayyorlangan mahsulotlar namoyish etilgan
“Ildizlardan meros” ko‘rgazmasini ziyorat qilgandan so‘ng, Mirziyoyevaga ko‘rgazma kirish joyida turk qahvasi tortildi. O‘zbekiston birinchi xonimiga Mavlononing “Masnaviy” asari o‘zbekcha nashri sovg‘a sifatida taqdim etildi. Shundan so‘ng ular “Fotih Sulton Mehmet ko‘rgazmasi”ni ziyorat qilishdi.
Endi Prezidentlarning uchrashuviga qaytsak. Strategik hamkorlik kengashining uchinchi yig‘ilishida mamlakatlar o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmi 1,5 barobarga, qo‘shma korxonalar soni 2 barobarga, O‘zbekiston iqtisodiyotiga turk investitsiyalari hajmi 2,5 barobarga oshgani, ikki davlatning yirik shaharlari o‘rtasida haftasiga 90 ta parvoz amalga oshirilayotgani va Turkiyadan kelayotgan turistlar oqimi 3 barobarga ko‘paygani muhokama qilindi.
Shuningdek, imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim doirasida bojxona tariflarini pasaytirish, Istanbul shahrida O‘zbekiston savdo vakolatxonasini ochish zarurligi qayd etilgan.
Qishloq va suv xo‘jaligi, sog‘liqni saqlashni raqamlashtirish va tibbiyot klasterlarini tashkil etish sohalarida Turkiyaning ilg‘or tajribasi va davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini joriy etishga talab borligiga e’tibor qaratildi.
Hamkorlikning yana bir muhim yo‘nalishi ikki mamlakatning transport-logistika salohiyatini oshirish, shu jumladan, O‘rta koridor imkoniyatlaridan samarali foydalanishdir.
Tomonlar hamkorlikning barcha yo‘nalishlarini chuqurlashtirishga qaratilgan deklaratsiyani qabul qildi. Muzokaralar yakunida Shavkat Mirziyoyev Rajab Toyib Erdo‘g‘anni kengashning navbatdagi yig‘ilishini o‘tkazish uchun O‘zbekistonga tashrif buyurishga taklif qildi.
Shuningdek, ikki mamlakat rahbarlari huzurida ko‘p qirrali sheriklikning ko‘plab sohalarini qamrab olgan 19 ta hujjat imzolandi.
Jumladan:
- Ilmiy almashinuv va yuqori texnologiyalar sohasida hamkorlik to‘g‘risida bitim;
- Hududiy rivojlanish sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash to‘g‘risida bitim;
- Standartlashtirish sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;
- O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishida texnik ko‘mak ko‘rsatish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risida bayonnoma;
- Kosmik fanlar, texnologiyalar va tadqiqotlar sohasida hamkorlik to‘g‘risida bayonnoma;
- Qishloq xo‘jaligi ta’limi sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bayonnoma;
- Energetik rivojlanish sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bayonnoma;
- Madaniyat sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bayonnoma;
- Axborot sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bayonnoma;
- Kadastr masalalari bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risida bayonnoma;
- Turizm sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bayonnoma;
- Oila instituti va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bayonnoma;
- Boshqaruv kadrlarini tayyorlash sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bayonnoma;
- Huquqiy sohada malaka oshirish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risida bayonnoma.
Shuningdek, imtiyozli savdo, energetika bozorini tartibga solishga oid ikki tomonlama hujjatlar hamda Qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi qabul qilindi.
Tashrif doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni “Turkiya Respublikasi nishoni” bilan taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Turkiyaning oliy davlat mukofotini O‘zbekiston yetakchisiga Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an tantanali ravishda topshirdi.
“Bugun, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklikni chuqurlashtirish to‘g‘risidagi deklaratsiya imzolangan kunda Turkiya Respublikasining bunday yuksak mukofotini olish men uchun katta sharafdir. Ushbu mukofot xalqlarimiz o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik rishtalari, oliy darajadagi ishonchli muloqot hamda ikki tomonlama ko‘p qirrali munosabatlarning jadal rivojlanishining ramzidir”, degan Mirziyoyev.
Ma’lumot uchun, Turkiya Respublikasi Prezidentining qaroriga muvofiq mazkur oliy mukofot Turkiya bilan do‘stona munosabatlarni rivojlantirishga katta hissa qo‘shgan davlat arboblariga beriladi.
Rajab Toyib Erdo‘g‘an ikki mamlakat rahbari o‘rtasidagi uchrashuv muvaffaqiyatli o‘tgani, ikki davlat o‘rtasidagi sheriklikni yanada chuqurlashtiradigan qadamlar muhokama qilinganligini va tegishli yo‘nalish belgilab berilganligini aytdi. Shuningdek, O‘zbekiston Turkiyaning og‘ir kunlarida ham yelkama-yelka turganini aytib, zilzila vaqtini esladi.
Turli muzokaralar yakuniga yetganidan so‘ng, Shavkat Mirziyoyev OAV vakillariga bayonot berdi. U o‘zining nutqida G‘azo masalasiga alohida to‘xtalgan.
“Tinchlikka erishish uchun mustaqil va ozod Falastin davlati tashkil etilishi shart”, deydi Mirziyoyev.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Anqarada Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an bilan ommaviy axborot vositalari vakillari uchun bergan bayonotida G‘azo sektorida zo‘ravonliklarni zudlik bilan to‘xtatish va Falastin-Isroil muammosini tinch yo‘l bilan hal qilish zarurligini ta’kidladi.
“Barqaror va uzoq muddatli tinchlikka erishish uchun mustaqil va ozod Falastin davlati tashkil etilishi shart”, deydi O‘zbekiston rahbari.
Mirziyoyev va Erdo‘g‘an Islom dinining asl insonparvar mohiyatini keng targ‘ib qilish, islomofobiya va radikalizmga qarshi kurashishda, shuningdek, o‘zbek zaminida tug‘ilib o‘sgan va musulmon dunyosida yuksak qadrlanadigan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Abduxoliq G‘ijduvoniy va Bahouddin Naqshband kabi buyuk allomalarning bebaho ma’naviy merosidan samarali foydalanish masalalarida hamkorlik qilish borasida yakdil fikr bildirdi.
Bugungacha G‘azoda sodir bo‘layotgan voqealarga keskin munosabat bildirib kelayotgan Turkiya rahbari, bu uchrashuvda ham jim turmadi.
Erdo‘g‘an, Mirziyoyev bilan ikki tomonlama hamkorlikdan tashqari, dunyo boshdan kechirayotgan bu qiyin jarayonda mintaqaviy va xalqaro masalalarni ham muhokama qilingani haqida gapirdi.
“Biz Falastin masalasiga O‘zbekiston bilan bir xil nuqtayi nazardan qaraymiz. G‘azodagi mazlumlarga zulmni to‘xtatishga chaqiruvimizni yana bir bor takrorlaymiz. Mustaqil Falastin davlati va Falastinni qo‘llab-quvvatlagani uchun Shavkat akamga minnatdorchilik bildiraman. Urush tugaydi va G‘azodagi birodarlarimiz ularga kerak bo‘lgan insonparvarlik yordamini olishiga umid qilamiz. Adolat, qirg‘inlarda Isroilga o‘q-dori va qurol-yarog‘ yetkazib berishni to‘xtatishi kerak, barcha vijdonli va mas’uliyatli guruhlar kuchlarini birlashtirib, zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishga chaqiraman”, deydi Turkiya rahbari.
LiveBarchasi