Mirziyoyev “Do‘stlik” postidagi tirbandlikka yechim topishni topshirdi
Jamiyat
−
16 aprel 8982 2 daqiqa
O‘zbekistonning Qirg‘iziston bilan chegarasida joylashgan “Do‘stlik” postidagi katta tirbandlik muammosini bartaraf etish bo‘yicha vazifa topshirildi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 16 aprel kuni Andijon viloyatida kompleks rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalar yuzasidan o‘tkazgan yig‘ilishida so‘z ochdi.
Majlisda har yili Andijondan Qirg‘izistonga 200 million dollarlik eksport amalga oshirilayotgani qayd etildi. Qo‘rg‘ontepa va Xo‘jaobodda ham xuddi Afg‘oniston chegarasidagi kabi erkin savdo va sanoat zonalari tashkil etish muhimligi ta’kidlandi. Mutasaddilarga tadbirkorlar bilan maslahatlashgan holda ushbu ikkita hududdan bittasini tanlab, master-reja ishlab chiqish topshirildi.
Xo‘jaoboddagi “Do‘stlik” postidagi katta tirbandlikdan aholi ham, tashuvchilar ham norozi ekaniga e’tibor qaratildi. Mas’ul vazirlik va idoralar oldiga tirbandlik sababini o‘rganib, tez fursatda buning yechimi bo‘yicha taklif berish vazifasi qo‘yildi.
Prezidentga ko‘ra, “O‘zbekiston-Qirg‘iziston-Xitoy” temiryo‘lini qurish bo‘yicha yirik loyiha ishga tushishi natijasida tashish muddati 1 haftaga, masofasi ming kilometrga qisqaradi, yuk tashish 10 barobar oshadi.
“Lekin, ichki temiryo‘l tarmoqlarimiz, bojxona punktlari, stansiyalar bu yukni qabul qilish va o‘tkazishga qanchalik tayyor?” deya savol qo‘ydi davlat rahbari.
Mutasaddilarga bu boradagi hisob-kitoblarni qilib, amalga oshiriladigan ishlar bo‘yicha dastur tayyorlash vazifasi topshirildi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hududlar rivoji, aholi hayoti bilan yaqindan tanishish maqsadida kecha, 15 aprel kuni Andijon viloyatiga yetib borgandi. Davlat rahbari Yangi Andijon shahridagi “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida o‘tayotgan xalq saylida so‘zga chiqib, Zahiriddin Muhammad Bobur xotirasini abadiylashtirish maqsadida Yangi Andijon shaharchasiga Bobur shahri deb nom berishni taklif qildi. Bugun, 16 aprel kuni viloyatda kompleks rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalar yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilishda Shavkat Mirziyoyev viloyatga qo‘shimcha 1 trillion so‘m yo‘naltirilishini aytdi.