Mirziyoyev dunyoning eng boy oilasi vakillari bilan uchrashadi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 30 sentyabr kuni Rotshildlar sulolasiga oid kompaniya rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazadi. Bu haqda Prezident Administratsiyasi raisi o‘rinbosari – Prezident Matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi. 

Qayd etilishicha, Prezident Shavkat Mirziyoyev shu kunlarda o‘tayotgan Toshkent Iqtisodiy forumi doirasida O‘zbekistonda bo‘lib turgan delegatsiyalar bilan uchrashuvlar o‘tkazadi. 

Xususan, davlat rahbari Jahon banki vitse-prezidenti Anna Berde, “Rothschild & Co” kompaniyasi kuzatuv kengashi raisining o‘rinbosari baron Erik de Rotshild va kengash a’zosi baronessa Ariel Malar de Rotshild hamda Rossiyaning "VTB" banki prezidenti – boshqaruvi raisi Andrey Kostinni qabul qiladi.

Eslatib o‘tamiz, Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston hukumatining Rotshildlar oilasi bilan hamkorligi haqida ilk bor 2020 yilning 29 dekabr kuni Oliy Majlis palatalariga yo‘llagan Murojaatnomasida so‘z ochgan edi. 

“Tan olish kerak, mutaxassislarning bilim va malakasi, yirik korxonalarning texnik imkoniyatlari, ularni mustaqil transformatsiya qilish uchun yetarli emas. Shuning uchun elektr energetikasi, neft-gaz va kimyo sanoati, mashinasozlikdagi yirik korxonalar hamda tijorat banklarini isloh qilishga Jahon banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo taraqqiyot banki hamda “MakKinzi”, “Boston konsalting Grupp”, “Rotshild” kabi xalqaro tan olingan kompaniyalar jalb etildi”, degan edi Prezident. 

Ma’lumot o‘rnida, Rothschild & Co – moliyaviy xolding kompaniyasi Rotshildlar oilasining fransuz va ingliz filiallari tomonidan nazorat qilinadi. Rothschild & Co – bu Rotshild guruhini boshqaruvchi Rotshild bank guruhining yetakchisi, shu jumladan N. M. Rothschild & Sons i Rothschild & Cie Banque. Dastlab, kompaniya Paris Orléans SCA deb nomlangan, 2015 yil 24 sentyabrda umumiy yig‘ilishda Rothschild & Co deb o‘zgartirilgan.

Rotshild bank guruhining bank biznesi quyidagi sohalarni qamrab oladi: investitsiya banki, korporativ bank, xususiy kapital, aktivlarni boshqarish, xususiy bank va boshqalar. Bundan tashqari,  Rothschild & Co’ning shaxsiy investitsiya hisobi bor. 

2018 yil 17 apreldan boshlab kompaniya boshqaruviga Devid de Rotshildning yagona o‘g‘li – Aleksandr Gay Franchesko de Rotshild (Rotshildlar oilasining yettinchi avlodi vakili) rahbarlik qilgan. Tayinlanishidan oldin u kompaniyada 10 yildan ortiq turli lavozimlarda, shu jumladan rais o‘rinbosari lavozimida ishlagan.

Rotshildlar – tarixi XVIII asrning oxiriga borib taqaladigan yahudiy bankirlari va jamoat arboblarining Yevropadagi sulolasi. 1816 yilda Avstriya imperatori Frans II Rotshildlarga baron unvonini berdi. Rotshildlar Avstriya zodagonlarining yuqori jamiyatiga mansub bo‘la boshladilar. Rotshildlar XIX asrdan, AQSHda Federal zaxira tizimi yaratilgandan keyin dunyodagi eng katta boylikka ega bo‘lgan, deb ishoniladi. 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

1112

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing