Mirziyoyev dekabrda yana safarga chiqadi
Olam
−
24 noyabr 2022
16439O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yilning dekabr oyida Qirg‘izistonga tashrif buyuradi. Bu haqda bugun, 24 noyabr kuni Prezident Matbuot xizmati tomonidan tarqatilgan xabarda so‘z borgan.
Gap shundaki, davlat rahbari bugun Qirg‘iz Respublikasining O‘zbekistonga yangi tayinlangan elchisi Musa Jamanbayevdan Ishonch yorlig‘ini qabul qilib oldi.
“O‘zbekiston Prezidentining kelgusi oyda Qirg‘izistonga bo‘lajak tashrifi ikki tomonlama aloqalarni yanada mustahkamlashiga ishonch bildirildi”, deyiladi Prezident Matbuot xizmati xabarida.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov o‘rtasidagi so‘nggi uchrashuv joriy yilning 10-11 noyabr kunlari Samarqandda bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkiloti sammiti doirasida bo‘lib o‘tgan edi. Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarovning o‘tgan yili 11-12 mart kunlari O‘zbekistonga davlat tashrifini amalga oshirgan edi.
“Barcha dolzarb masalalar o‘z vaqtida, har ikki tomon manfaatlarini hisobga olgan holda qardosh xalqlarimizning farovonligi yo‘lida hal etilmoqda. Ayniqsa, erishilgan kelishuvlar asosida chegara masalalari hal qilingani misli ko‘rilmagan umumiy yutug‘imiz bo‘ldi”, deydi Mirziyoyev.
Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yil boshidan buyon mamlakatlar o‘rtasidagi tovar ayirboshlash ko‘rsatkichi 30 foizga oshib, 1 milliard dollarga yetgan. Mintaqaviy infratuzilma loyihalari, jumladan, Qambar-ota gidroelektr stansiyasi hamda O‘zbekiston – Qirg‘iziston – Xitoy temir yo‘li qurilishi boshlangan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 17 noyabr kuni Qirg‘iziston parlamenti, 18 noyabr kuni esa O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati “O‘zbekiston Respublikasi bilan Qirg‘iziston Respublikasi o‘rtasida o‘zbek-qirg‘iz Davlat chegarasining alohida uchastkalari to‘g‘risidagi Shartnomani (Bishkek, 2022 yil 3 noyabr) ratifikatsiya qilish haqida”gi hamda “O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Qirg‘iziston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi o‘rtasida Andijon (Kampirobod) suv omborining suv resurslarini birgalikda boshqarish to‘g‘risidagi Bitimni (Bishkek, 2022 yil 3 noyabr) ratifikatsiya qilish haqida”gi hujjatlarni ratifikatsiya qildi.
Unga ko‘ra, o‘zbek-qirg‘iz chegarasining qolgan qismini delimitatsiya qilinadi, Andijon (Kampirobod) suv ombori O‘zbekistonga o‘tadi.
LiveBarchasi