Mirziyoyev BRICS banki prezidentini qabul qildi
Jamiyat
−
09 iyun 3787 2 daqiqa
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 9 iyun kuni Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan BRICS Yangi taraqqiyot banki prezidenti Dilma Rusefni qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Ushbu ko‘p tomonlama moliyaviy institut bilan amaliy hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. O‘tgan yil oktyabr oyidagi BRICS sammiti doirasida erishilgan kelishuvlar izchil amalga oshirilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Xususan, bankning Boshqaruvchilar kengashi tomonidan O‘zbekiston Yangi taraqqiyot bankiga a’zo bo‘lishiga prinsipial rozilik berildi. Umumiy qiymati 5 milliard dollarlik birinchi navbatdagi qo‘shma loyihalar dasturi shakllantirildi.

Davlat rahbari irrigatsiya tizimlarini modernizatsiya qilish, tog‘-kon sanoatini rivojlantirish, xususiy sektorni moliyalashtirish, ta’lim va infratuzilma sohalarida davlat-xususiy sheriklikni ilgari surish kabi ustuvor yo‘nalishlarda loyihalarni tez fursatda tayyorlash va amalga oshirish muhimligini ta’kidladi.

Shuningdek, yirik mintaqaviy infratuzilma loyihalari qo‘llab-quvvatlandi.
Eslatib o‘tamiz, bugun, 9 iyun kuni Toshkent xalqaro investitsiya forumi o‘z ishini boshlashi xabar qilingandi. Unda 8 ming nafar delegat, shu jumladan 100 ga yaqin davlatdan 3 mingga yaqin xorijiy mehmon ishtirok etishi kutilmoqda. Jumladan, Bolgariya Prezidenti Rumen Radev, Slovakiya Bosh vaziri Robert Fitso, Qozog‘iston Bosh vaziri Oljas Bektenov, Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi raisi – Prezident Administratsiyasi rahbari Adilbek Kasimaliyev, Tojikiston Bosh vaziri Qohir Rasulzoda, Ozarbayjon Bosh vaziri Ali Asadov, Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisi o‘rinbosari Nokerguli Ataguliyev, shuningdek, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti amaldagi raisi, Finlyandiya tashqi ishlar vaziri Elina Valtonen, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno-Basso, BRICS Yangi taraqqiyot banki prezidenti Dilma Rusef va boshqalar qatnashadi.
Live
Barchasi