Mirziyoyev BMT minbarida o‘zbek tilida nutq so‘zladi
Jamiyat
−
20 Sentabr 2023
8470Kecha, 19 sentyabr kuni Nyu-York shahridagi Birlashgan Millatlar Tashkiloti bosh qarorgohida BMT Bosh Assambleyasi 78-sessiyasining umumsiyosiy munozaralari boshlandi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zladi.
Sessiya raisi Dennis Frensis boshchiligida o‘tayotgan munozaralarning birinchi kunida BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish, a’zo mamlakatlar yetakchilari – Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Jozef Bayden, Braziliya Federativ Respublikasi Prezidenti Luis Inasiu Da Silva, Turkiya rahbari Rajab Toyib Erdo‘g‘an, Janubiy Afrika Respublikasi Prezidenti Siril Ramafosa, Qatar Davlati Amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy va boshqa davlatlar rahbarlari ishtirok etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida hamjihatlik va amaliy hamkorlik ruhini saqlash, umumiy manfaatlarni mavjud ziddiyatlardan yuqori qo‘ygan holda mamlakatlarni jipslashtirish zarurligini qayd etgan.
“Biz o‘tgan yili umumiy xavfsizlik va taraqqiyotga qaratilgan “Samarqand birdamlik tashabbusi”ni ilgari surdik. Asosiy maqsadimiz mamlakatlarimiz va xalqlarimizning bugungi kuni va istiqboli uchun mas’uliyatni har tomonlama chuqur anglash, ochiq va konstruktiv hamkorlikka tayyor barcha tomonlarni global muloqotga jalb qilishdan iborat”, deydi O‘zbekiston yetakchisi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi tashabbusi bilan kelgusi yilda Kelajak sammiti o‘tkazilishi xalqaro va mintaqaviy taraqqiyotning dolzarb muammolarini hal etishga, Tashkilotning ta’siri va samaradorligini yanada oshirishga xizmat qilishiga ishonch bildirilgan.
Davlat rahbari keyingi yillarda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarga alohida to‘xtalib, global va mintaqaviy kun tartibidagi eng dolzarb masalalar yechimiga qaratilgan qator tashabbuslarni ilgari surgan.
“Biz huquqiy, dunyoviy, demokratik va ijtimoiy davlat bo‘lmish Yangi O‘zbekistonni barpo etish siyosatini qat’iy davom ettirmoqdamiz. Mamlakatimiz “Inson qadri va manfaatlari uchun” degan ezgu g‘oya asosida demokratiya va adolat tamoyillarini mustahkamlashga qaratilgan tub islohotlar yo‘lidan dadil ilgari bormoqda”, deydi Prezident.
O‘zbekistonda yangilangan Konstitutsiya bo‘yicha o‘tkazilgan umumxalq referendumi taraqqiyotning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab bergani qayd etib o‘tilgan.
“Asosiy qonunimizda millati, tili va dinidan qat’i nazar, barcha fuqarolarning tengligi, inson huquqlari, so‘z va vijdon erkinligi prinsiplariga sadoqat yana bir bor tasdiqlandi. Shu huquqiy asosda qabul qilingan “O‘zbekiston – 2030” taraqqiyot strategiyasi Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlariga uyg‘undir”, deyiladi davlat rahbarining matbuot xizmati xabarida.
LiveBarchasi