Mirziyoyev Bishkekda Orban bilan uchrashdi
3-sahifa
−
06 noyabr
2496Bugun, 6 noyabr kuni Bishkek shahrida o‘tayotgan Turkiy davlatlar tashkiloti sammiti doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘ziga ajratilgan qarorgohda Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston-Vengriya strategik sheriklik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlarini yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
"O‘zaro hamkorlikning amaliy natijalari alohida mamnuniyat bilan qayd etildi. Tovar ayirboshlash ko‘rsatkichlari va sanoat kooperatsiyasi ko‘lami ortib bormoqda, Toshkent viloyatida industrial park tashkil etish ishlari olib borilmoqda. Oktyabr oyida Qo‘qon shahrida birinchi Hududlar forumi o‘tkazildi. Bu oyda Budapesht shahrida muhim qo‘shma madaniy tadbirlar bo‘lib o‘tadi", deyiladi xabarda.
Davlat rahbarlari ikki tomonlama tadbirlar rejasini ko‘rib chiqdi. Yetakchi kompaniyalarning savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik bo‘yicha yangi loyihalar portfelini shakllantirish muhimligi alohida ta’kidlandi.
Mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.
Ma’lumot uchun, bugun, 6 noyabr kuni davlat rahbari Turkiy davlatlar tashkilotining navbatdagi sammitida ishtirok etadi.
Sammitda tashkilotga a’zo besh davlat – Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston rahbarlari, shuningdek, tashkilotning kuzatuvchi-mamlakatlari rahbarlari ishtirok etadi. Bo‘lajak sammitning mavzusi “Turk dunyosini mustahkamlash: iqtisodiy integratsiya, barqaror rivojlanish, raqamli kelajak va barcha uchun xavfsizlik”.