Mirziyoyev Berdimuhamedovga ta’ziya bildirdi

Jamiyat

image

Bugun, 15 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkmaniston Milliy yetakchisi, Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov bilan telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar berdi.

Dastlab Mirziyoyev Gurbanguli Berdimuhamedovga og‘ir judolik – onasi Ogulabat edje Berdimuhamedova olamdan o‘tgani munosabati bilan chuqur hamdardlik va taskin-tasalli so‘zlarini izhor etdi, unga va barcha yaqinlariga sabr-toqat va bardosh tiladi.

Suhbatda ikki tomonlama kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashilgan.

Oliy darajadagi kelishuvlar ijrosining borishi muhokama qilindi. Yil boshidan buyon o‘tgan ikki tomonlama muloqotlar – Hukumatlararo komissiya yig‘ilishi, siyosiy maslahatlashuvlar, transport va madaniyat vazirlarining uchrashuvlari, diplomatik munosabatlar o‘rnatilgani 30 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan boshqa tadbirlarning samarali natijalari mamnuniyat bilan qayd etildi.

Savdo-iqtisodiy, energetika va suv xo‘jaligi sohalaridagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Bundan tashqari, Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikning amaliy jihatlari ko‘rib chiqildi.

O‘zbekiston-Turkmaniston strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash bo‘yicha faol almashinuvlarni davom ettirishga kelishib olindi.

Telefon muloqoti yakunida yetakchilar bir-birini va qardosh ikki mamlakat xalqlarini yaqinlashib kelayotgan Ramazon hayiti bilan dildan qutlagan.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Gurbanguli Berdimuhamedov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing