Mirziyoyev ayrim tadbirkorlardan jarima undirishni taqiqladi

Jamiyat

image

Prezident Shavkat Mirziyoyev davlat ulushi bo‘lmagan korxonalarga eksportda muddati o‘tgan qarzdorlik uchun jarima hisoblash va undirishga bir yillik moratoriy e’lon qilinishini bildirdi. Bu haqda u bugun, 20 avgust kuni tadbirkorlar bilan ochiq muloqot chog‘ida ma’lum qildi.

Qayd etish joiz, ayrim mintaqalardagi notinchliklar oqibatida tashqi bozorlardagi tebranishlar, logistikadagi uzilishlar eksport tushumlarining kechikishiga olib kelmoqda. Bunday sharoitda o‘zi shundoq ham puli tushmayotgan tadbirkorlar muddati o‘tgan debitor qarzdorlik uchun jarima to‘layapti.

Bildirilishicha, bu masalani juda ko‘p to‘qimachilik korxonalari va meva-sabzavot eksportchilari ko‘tarib, yengillik so‘ragan. Davlat rahbari muammoning yechimini aytdi – endilikda davlat ulushi bo‘lmagan korxonalarga eksportda muddati o‘tgan qarzdorlik uchun jarima hisoblash va undirishga bir yillik moratoriy e’lon qilinadi.

Ma’lum qilinishicha, o‘tgan hafta 200 dan ortiq to‘qimachilik korxonalari vakillari bilan uchrashilib, sohani qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha 7 trillion so‘mlik tashabbuslar e’lon qilingan. Tez kunlarda to‘qimachilikda “ishonchli eksportchi” dasturi boshlanib, eksport oldi moliyalash tizimi yo‘lga qo‘yiladi va buning uchun 200 million dollar yo‘naltiriladi. Bu elektrotexnika, qurilish materiallari, oziq-ovqat, farmatsevtika kabi eksport salohiyati yuqori, lekin imkoniyatlari to‘liq ishga solinmagan sohalar uchun ham joriy etiladi. Ushbu sohalardagi tadbirkorlarni aylanma mablag‘i uchun 500 million dollar beriladi. Har bir tarmoqning sifati kafolatlangan, raqobatdosh 10 tadan mahsulotiga “O‘zbekiston ramzi” sifat belgisini berilib, ularni dunyoga tanitish uchun katta targ‘ibot kampaniyasi boshlanadi.

Poytaxt Toshkent va viloyat markazlaridagi korxonalarini mehnat resursi, bo‘sh yeri ko‘p tumanlarga ko‘chirmoqchi bo‘lgan tekstil sohasidagi tadbirkorlarga 10 milliard so‘mgacha kredit beriladi. Prezident ishchi kuchi ko‘p talab qiladigan boshqa tarmoq korxonalari ham bunday tashabbus bilan chiqsa, ularni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini aytdi.

Arzon xomashyo bilan ta’minlash maqsadida 2028 yil 1 yanvargacha aralash mato va gazlamani bojxona bojidan ozod etilmoqda. Lekin bunday muammo sanoatning boshqa sohalarida ham bor. Jahon banki ekspertlari ham tarif siyosati ishlab chiqarishni rag‘batlantirishi kerakligini aytmoqda. Ochiq muloqotga tayyorgarlik doirasida barcha sohalardagi tadbirkorlardan bu yo‘nalishda 130 ta murojaat kelib tushgan. Davlat rahbari Bosh vazirning iqtisodiyot va investitsiyaga mas’ul  o‘rinbosarlariga 1 noyabrga qadar har bir tarmoq, hududiy korxonalar talabini o‘rganib, boshqa xomashyo va butlovchi qismlar uchun tariflarni qayta ko‘rib chiqishni topshirdi. Endilikda import jarayonida muvofiqlik sertifikatlari har bir partiyaga emas, shartnomada ko‘rsatilgan hajm uchun beriladi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev jarima moratoriy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing