Mirziyoyev “Arqadag‘”ni tavallud kuni bilan tabrikladi
Jamiyat
−
29 iyun
4096O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 29 iyun kuni Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Milliy Kengashi Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov bilan telefon orqali muloqot qilib, uni tavallud kuni bilan tabrikladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Mirziyoyev Turkman xalqining milliy yetakchisiga mustahkam sog‘lik, baxt-saodat va katta muvaffaqiyatlar, qardosh Turkmaniston xalqiga tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tiladi.
“Milliy yetakchining zamonaviy Turkmanistonni barpo etish va jadal rivojlantirish, mamlakatning xalqaro maydondagi nufuzini oshirish, ko‘p qirrali O‘zbekiston-Turkmaniston do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashdagi tarixiy o‘rni alohida qayd etildi”, deyiladi xabarda.
Keyingi yillarda ikki tomonlama hamkorlikda erishilgan yutuqlar alohida mamnuniyat bilan qayd etildi. Tovar ayirboshlash hajmi oshmoqda, chegaraoldi savdo zonasi tashkil etilmoqda, muhim qo‘shma iqtisodiy va gumanitar dasturlar amalga oshirilmoqda.
Yetakchilar qo‘shma Hukumatlararo komissiyaning bo‘lajak yig‘ilishida sanoat, transport, energetika, qishloq xo‘jaligi sohalari, hududlararo va madaniy almashinuvni rivojlantirish bo‘yicha yangi kooperatsiya loyihalarini ishlab chiqish muhimligini qayd etdi.
Markaziy Osiyodagi mintaqaviy hamkorlikning dolzarb jihatlari ham ko‘rib chiqildi.
Ma’lumot uchun, Gurbanguli Berdimuhamedov 1957 yil 29 iyunda Ashxobod viloyatida tug‘ilgan. “Arqadag‘” unvoniga ega Berdimuhamedov 2006 yil 21 dekabrdan 2022 yil 19 martgacha Turkmaniston prezidenti bo‘lgan. 2023 yil 21 yanvardan Turkmaniston Xalq Maslaxati raisi lavozimida ishlab kelmoqda.
LiveBarchasi