Mirziyoyev “Arqadag‘” bilan xalqaro vaziyatni muhokama qildi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov bugun, 5 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan telefon orqali muloqotda O‘zbekiston-Turkmaniston strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirishning dolzarb masalalarini atroflicha muhokama qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Turkman xalqining milliy yetakchisi Shavkat Mirziyoyevga Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

"Ilgari erishilgan kelishuvlar ijrosining borishi va bo‘lajak oliy darajadagi uchrashuvlarga tayyorgarlik masalalari tomonlarning e’tibor markazida bo‘ldi", deyiladi xabarda.

Shuningdek, o‘zaro muloqot va almashinuvlar sezilarli faollashgani alohida mamnuniyat bilan qayd etilgan. O‘tgan oyda Turkmanistonda Hududlar forumi, sanoat ko‘rgazmasi va O‘zbekiston madaniyati kunlari muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Bundan tashqari, Ashxobod shahrida atoqli mutafakkir va shoir Maxtumquli Firog‘iy asarlarining o‘zbek tilidagi to‘plami taqdimoti va hamda unga bag‘ishlab birgalikda suratga olingan badiiy film namoyishi bo‘lib o‘tgan.

"Yil boshidan buyon tovar ayirboshlash hajmi 1 milliard dollardan oshdi. Yuk tashishlar, shu jumladan Turkmanboshi porti orqali ko‘paymoqda. "Shovot-Toshovuz" chegaraoldi zonasi qurilishi davom etmoqda. Sanoat, qishloq xo‘jaligi, transport va boshqa yo‘nalishlarda kooperatsiya kengaymoqda", deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, energetika va suvdan foydalanish sohalarida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilingan. Joriy xalqaro vaziyat va mintaqaviy kun tartibi yuzasidan ham fikr almashilgan.

Suhbat chog‘ida Shavkat Mirziyoyev Turkmaniston yetakchisini yaqinlashib kelayotgan bayram – Betaraflik kuni bilan samimiy tabriklab, birodar turkman xalqiga farovonlik va ravnaq tiladi.

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev va Gurbanguli Berdimuhamedov o‘rtasidagi oxirgi uchrashuv 11 oktyabrda Ashxobod shahrida bo‘lib o‘tgandi. Ko‘p o‘tmay 14 oktyabrda ular telefon orqali muloqot qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing